Afg‘on urushi qatnashchilari hamisha e’tiborda
Termiz shahridagi “Mumtoz” tantanalar saroyida surxondaryolik afg‘on urushi qatnashchilari hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun bayram tadbiri tashkil etildi.
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov, “VETERAN” jangchi faxriy va nogironlar birlashmasi raisi Tal’at Murodov, O‘zbekiston “Nuroniy” jamg‘armasi raisining birinchi o‘rinbosari Sharof Ubaydullayev va jamoatchilik vakillari ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizda inson qadrini yuksaltirishga qaratilayotgan e’tibor haqida atroflicha so‘z yuritildi.


Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami va keksa avlod vakillarini qo‘llab-quvvatlab, ularning hayot sifatini, turmush sharoitini yaxshilash, sog‘ligini muhofaza qilish yuzasidan ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar qayd etildi. Afg‘onistondagi harbiy harakatlarda ishtirok etgan yurtdoshlarimizning jasorati va matonati alohida e’tirof etilib, ularning turli sohalarda ozod va obod Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotgani to‘g‘risida fikr almashdi.


Bayram ishtirokchilari to‘kin va fayzli dasturxon atrofida dildan suhbatlashib, Afg‘onistondagi harbiy harakatlar va unda jasorat ko‘rsatgan safdoshlarini xotirladi. O‘tgan tuzumdagi hayot tashvishlarini yodga olib, bugungi osuda va farovon turmushga shukrona aytdi.
Baxtiyor chehralarga iliq tabassum, qalblarga quvonch ulashgan bayramona tadbirda madaniyat va san’at namoyondalarining qiziqarli konsert dasturi namoyish etildi. Ishtirokchilarga tashkilotchilarning esdalik sovg‘alari topshirildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA