Adolatli raqobat yangi ish o‘rinlari yaratishga ko‘maklashadi
Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasida Prezidentimizning 2025 yil 18 apreldagi “Ishlab chiqarish, eksport va tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirish, savdo va sanoat siyosati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 19 apreldagi “Ayrim turdagi tovarlarni bojxona chegarasi orqali olib o‘tish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi.
Viloyat bojxona boshqarmasi mas’ul xodimlari, tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilari, bojxona rasmiylashtiruvi bo‘yicha mutaxassislar va boshqa mas’ul idoralar vakillari, tadbirkorlar ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizda жаҳон iqtisodiyotidagi keskin o‘zgarishlar, tashqi xatarlar va global raqobat sharoitida milliy ishlab chiqaruvchilar hamda eksport qiluvchilarni samarali qo‘llab-quvvatlab, ichki bozorda adolatli raqobat muhitini ta’minlash, tadbirkorlar uchun qulay shart-sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Bu jarayonda amalga oshirilayotgan islohotlar ishlab chiqarish, milliy mahsulotlar eksporti va yangi ish o‘rinlarini yaratishda muhim omil bo‘lib xizmat qilishi qayd etildi.
Seminarda sohada yuz bergan o‘zgarish va yangilanishlar haqida ma’lumot berildi. Endilikda xavf darajasi yuqori bo‘lgan mahsulotlarni majburiy davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi bekor qilinib, ularga muvofiqlik to‘g‘risidagi deklaratsiya rasmiylashtirish tartibi joriy etilishi, shu yil 1 maydan boshlab muvofiqlik deklaratsiyasini sertifikatlashtirish organlarida ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi bekor qilinib, ularni shakllantirish va hisobga olish Texnik tartibga solish axborot tizimi orqali amalga oshirilishi, jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyoji uchun notijorat maqsadlarida respublikaga olib kiriladigan tovarlarni bojsiz olib kirish normalari va boshqa yangiliklar haqida fikr almashdi. Shuningdek, tashqi savdo tovarlari uchun talab etiladigan sertifikatlar va ruxsat etuvchi hujjatlarni taqdim etadigan “ЎзТест” davlat muassasasi Surxondaryo filiali, viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi, o‘simliklar karantini va himoyasi, veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmalari mutasaddilari ham o‘z sohalarida yuz bergan yangiliklar xususida atroflicha ma’lumot berildi.
Seminarda tadbirkorlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
O‘zA muxbiri