“Adolat” SDP nomzodlari temiryo‘lchilar bilan uchrashdi
Tashviqot davri saylovning eng muhim pallasi sanaladi. Bu vaqtda siyosiy partiyalar va ularning nomzodlari qonunchilikda belgilangan tartib-qoidalardan kelib chiqib, faollik ko‘rsatishi, saylovchilar bilan keng ko‘lamda ishlashi, o‘zlarining saylovoldi dasturlari haqida fuqarolarga batafsil ma’lumot yetkazishi lozim.
O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga va Xalq deputatlari Xovos tumani Kengashiga ko‘rsatilgan nomzodlar O‘zbekiston lokomotiv deposi Xovos filiali xodimlari bilan uchrashdi.

O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining “Teng imkoniyatlar va adolatli jamiyat sari!” dasturida belgilab qo‘yilgan masalalar haqida gap bordi. Milliy iqtisodiyotimizning barqaror rivojlanishini ta’minlash yo‘nalishida iqtisodiyotimizning muhim bo‘g‘ini hisoblangan temir yo‘l logistikasi va yuk tashish hajmini oshirish, xususan, yangi sifatli yo‘llar, omborlar, sanoatni lokomotiv, yuk mashinalari, konteynerlar bilan ta’minlash, davlat yuk aylanmasi va tranzit yo‘laklarining sig‘imini oshirishga yordam beradigan investitsiya mablag‘larini jalb etish to‘g‘risida bildirilgan fikrlar temiryo‘lchilarga ma’qul keldi.
Uchrashuvda partiya faollari ham so‘zga chiqib, barchani 27 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan saylovlarda faol ishtirok etishga va “Adolat” SDPga va uning nomzodlariga ovoz berishga chaqirdi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri