Adolat egiladi, bukiladi, ammo sinmaydi
Jizzax viloyati sudlari mutasaddilari tomonidan Sharof Rashidov hamda Zarbdor tumanlarida istiqomat qiluvchi fuqarolar uchun ommaviy sayyor qabullar tashkil etildi. Sharof Rashidov tumanida o‘tgan sayyor qabulda sudga oid masalalarda huquqiy maslahat va ko‘mak so‘rab kelgan 43 nafar fuqaroning murojaatlari tinglandi.
– Bu ishlarning 30 nafarini fuqarolik, 10 nafarini jinoyat, 2 nafarini iqtisodiy va 1 nafarini ma’muriy sudlarga oid masalalar tashkil etdi, – deydi Jizzax viloyat sudi raisi Akram Shukurov. – Shu murojaatlarning 38 tasi bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berilgan bo‘lsa, 5 tasi joyida ijobiy hal etildi. Shuningdek, ushbu qabul jarayonida Jinoyat ishlari bo‘yicha Sharof Rashidov tuman sudining sayyor majlisi ham o‘tkazilib, unda 24 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlikka oid ishlar ko‘rib chiqildi. 12 nafar mahkum Jinoyat kodeksining 73-moddasiga asosan jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi.
Jumladan, ushbu sayyor sudga murojaat etgan fuqaro Eldor Ahmedovga nisbatan viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari tomonidan qo‘llanilgan jarima jazosini bekor qilish haqidagi iltimosnomasi ko‘rib chiqildi.
[gallery-17496]
– Bugungi sayyor sudga, viloyat IIB YHXB mutasaddilari tomonidan menga nisbatan qo‘yilgan 1 million 700 ming so‘mlik jarima jazosini bekor qilish haqida iltimosnoma bilan murojaat qilgan edim, – deydi fuqaro Eldor Ahmedov. – Ushbu iltimosnomam sud tartibida ko‘rib chiqilib, ma’muriy huquqbuzarlik alomati yo‘q deb topildi va shu sababdan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 271-moddasi 1-bandiga asosan ma’muriy ish yurituvdan tugatildi. Adolat egiladi, bukiladi, lekin sinmaydi, degan xalq naqli hayotimizda haqiqat ekaniga yana bir karra ishonch hosil qildim.
Ommaviy sayyor qabul Zarbdor tumanida istiqomat qiluvchi fuqarolar uchun ham bo‘lib o‘tdi. Unda 31 nafar fuqaro qabul qilinib, 8 nafar fuqaroning murojaati joyida ijobiy hal etilgan bo‘lsa, 23 nafar fuqaroga tegishli tartibda huquqiy maslahat va tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, qabul jarayonida Jinoyat ishlari bo‘yicha Zarbdor tuman sudining sayyor majlisi o‘tkazilib, unda 21 nafar shaxsga ma’muriy huquqbuzarlikka oid ishlar ko‘rib chiqildi. Besh nafar mahkum Jinoyat kodeksining 73-moddasiga asosan shartli ravishda jazodan muddatidan avval ozod etildi.
Jumladan, fuqaro Alisher Haydarovning unga nisbatan soliq organi xodimlari tomonidan qo‘llanilgan 3 million so‘mlik jarima jazosining miqdorini kamaytirish haqidagi iltimosnomasi sayyor sud tartibida ko‘rib chiqilib, unga O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 33-moddasi tartibida BHMning ikki baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.
Sayyor qabuldan so‘ng viloyat sudi raisi boshchiligida tuman hokimi, tuman prokurori hamda tuman sudi raisi tomonidan shu hududdagi 1-sonli umumta’lim maktabining respublika va xalqaro sport musobaqalarida yuqori natijalar ko‘rsatgan hamda a’lo baholarga o‘qiyotgan namunali xulqli o‘quvchilariga jahon bolalar adabiyoti durdonalari-- kitoblar jamlanmasi sovg‘a qilindi.
Viloyat sudi raisi Akram Shukurov, o‘quvchilarga bundan ham yuqori natijalarga erishib, mamlakatimizda yoshlarga yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlardan keng foydalanishi va Vatanimiz shon-shuhratiga o‘z g‘alabalari bilan munosib hissasini qo‘shishi lozimligini alohida ta’kidladi.
A. Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari