Adiblar xiyobonidan Sirdaryoga
Mamlakatimizda bugun badiiy adabiyot targʻiboti, kitobxonlikni rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilmoqda.
Mamlakatimizda bugun badiiy adabiyot targʻiboti, kitobxonlikni rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbari yangidan barpo etilgan Adiblar xiyoboni va Toshkent tarixi muzeyining ochilishida bir guruh ijodkor ziyolilar bilan uchrashib, “Adabiyot – xalqning yuragidir” deya taʼkidlagandi.
Adiblar xiyobonining bugungi nihoyatda nafis, goʻzal va ayni paytda muhtasham koʻrinishi davlatimizning milliy adabiyotga boʻlgan munosabatining yorqin namunasidir. Mumtoz adabiyotimizning ulugʻ vakillari siymosi bir gulshanga jamlanib, meʼmorchilikning betakror badiiy majmuasi yaratilgani hamda shu paytgacha eʼtibordan chetda boʻlgan jadid adabiyoti namoyandalariga haykal oʻrnatilishi ijtimoiy-maʼnaviy hayotimizda ulkan voqea boʻldi. Prezidentimizning Adiblar xiyobonidagi nutqidan kelib chiqadigan vazifalar ijrosini taʼminlash boʻyicha Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi “Sirdaryo viloyatiga 6000 kitob” aksiyasini amalga oshirdi.
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi “Ijod” jamoat fondi tomonidan nashr etilgan 6000 nusxa kitob yuklangan mikroavtobus va mashinalar karvoni Toshkentdagi Adiblar xiyobonidan Sirdaryo viloyatiga joʻnab ketdi.
Adiblar xiyobonidan kelgan kitob karvonini Guliston shahrida Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabi oldida viloyat hokimligi mutasaddilari, Oliy va Xalq taʼlimi vazirliklari xodimlari va bir guruh ijodkor ziyolilar kutib oldi.
Tadbir Oʻzbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdiyeva haykaliga gul qoʻyish marosimi bilan boshlandi.
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, Oʻzbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishib, bugungi kunda mamlakatimizda Prezidentimiz tomonidan adabiyot, badiiy ijod va kitobxonlikni rivojlantirishga koʻrsatilayotgan yuksak eʼtibor haqida gapirdi. Zotan, “Ijod” jamoat fondi tomonidan yosh kitobxonlarga hadya etilayotgan, koʻp nusxada nashr etilgan “Sayxun sabolari” va “Sirdaryo mavjlari” kitoblari Sirdaryoda yashab ijod qilayotgan isteʼdodli shoirlar, yozuvchilarning eng sara asarlaridan tarkib topgan. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan birinchi kitoblari chop etilayotgan yosh ijodkorlar orasida sirdaryolik isteʼdodli yoshlar ham bor. Yaqinda sirdaryolik uch nafar faol ijodkor Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzoligiga qabul qilindi. Mirtemir domlaning nazari tushgan Toʻra Sulaymon va Halima Xudoyberdiyeva karvonboshilik qilgan Sirdaryo adabiy muhitining adabiyotimizni rivojlantirishdagi oʻrni barchamizga yaxshi maʼlum.
Sirdaryo viloyati hokimi oʻrinbosari Otabek Nosirov Adiblar xiyobonidan Sirdaryoga keltirilgan bebaho tuhfa – badiiy kitoblar uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirib, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining ijodiy ishlariga muvaffaqiyat tiladi.
Yozuvchilar uyushmasining Sirdaryo viloyati boʻlimi rahbari Hayotxon Ortiqboyeva, Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabi direktori, shoir Muhammad Ismoil, “Ijod” jamoat fondi ijrochi direktori Sherzod Irzoyev va boshqalar kitob mutolaasini rivojlantirish, yoshlarning maʼnaviy kamolotini taʼminlashning asosiy omillari haqida gapirdi.
Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabi oʻquvchilari Sevinch Saidova, Zulhayo Mingboyeva, Otabek Burhonov, Odina Yoʻlchiyeva, Gulbahor Yorqinova Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarga ehtirom mavzusidagi sheʼrlardan namunalar oʻqidi.
Rustam MUSURMON,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoir.