Adabiyot fidoyilarining xotirasi – xalq ardog‘ida
Insonning chigal taqdiri, ma’naviy poklik va ijtimoiy adolat uchun kurash ustoz ijodkorlar Odil Yoqubov, Saida Zunnunova, O‘tkir Hoshimov asarlarining g‘oyaviy ustun jihatlarini tashkil etadi.
Ayni paytda o‘zbekona oriyat, insof va diyonatni, buyuk ajdodlarimizning boy ma’naviy merosini o‘quvchilarga taqdim etishda Odil Yoqubov, milliy qadriyatlar va oilaning muqaddas ekanini tarannum etishda Saida Zunnunova, o‘zbekning boshiga tushgan global muammolarni qalamga olishda O‘tkir Hoshimov yaratgan ijodiy maktab diqqatga sazovor.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilingan “Mamlakatimizda madaniyat, san’at va adabiyot sohalarini rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shgan bir guruh marhum ijodkorlarni mukofotlash to‘g‘risida”gi farmonga ko‘ra, O‘zbekiston xalq yozuvchilari Odil Yoqubov “Buyuk xizmatlari uchun”, O‘tkir Hoshimov “El-yurt hurmati”, ustoz shoira Saida Zunnunova esa “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari bilan mukofotlandi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan ushbu ijodkorlarning porloq xotirasini yodga olish, ularga e’zoz va ehtirom ko‘rsatish maqsadida bir qator tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid boshchiligidagi bir guruh qalamkashlar Vatanimizning yuksak mukofotiga munosib topilgan adiblar xonadonida bo‘lishdi. Shuningdek, marhum ijodkorlar mangu qo‘nim topgan maskanlarga borib, Qur’on tilovat qildilar va ustoz ijodkorlarning qabrlarini ziyorat etdilar. — Bugun yangi O‘zbekistonda el sevgan ijodkorlar xotirasini ulug‘lash va ular nomini abadiylashtirish islohotlarning muhim tarkibiy qismiga aylandi, — dedi Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid. — Dunyodan o‘tgan ulug‘ ustozlarning asarlarini yoshlar qalbiga singdirish nafaqat O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining, balki butun millatning muqaddas burchi. Adabiyot yashasa — millat yashaydi.
[gallery-29690]
Shu bois, xalq baxtini kuylagan yozuvchilarimizning pok nomlari doim ardoqda bo‘ladi. Adabiyot namoyandalari ustoz ijodkorlar Odil Yoqubov, Saida Zunnunova va O‘tkir Hoshimovning oila a’zolari xonadonida bo‘lib, ularga Vatanimizning yuksak mukofotlarini topshirdi. Adabiyot darg‘alarining oila a’zolari ko‘rsatilayotgan e’tibor va e’zoz uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi.
Nazokat Usmonova, Oybek Pardayev (surat), O‘zA