Adabiyot, do‘stlik, qardoshlik bayrami
Poytaxtimizda Turkiy tilli davlatlar ijodkorlari ishtirokidagi XVI Turkiy she’riyat festivali adabiyot, do‘stlik, hamjihatlik haftaligi sifatida baland ruhda o‘tkazildi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda TURKSOY, TIKA kabi xalqaro tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan ushbu festivalda bir qator turkiy tilli davlatlardan shoirlar ishtirok etdi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyidning ta’kidlashicha, keyingi yillarda milliy adabiyotimiz ravnaqiga ko‘rsatilayotgan katta e’tibor xalqaro hamkorlik aloqalarining tobora kengayishiga ham ulkan imkoniyatlar eshigini ochmoqda.
Mamlakatimiz adabiyot ahli TURKSOY tashkiloti bilan birgalikda ko‘plab yangi adabiyotlar taqdimoti, she’riyat va adabiyot bayramlari, kitob ko‘rgazmalari, adabiy muloqotlar, xalqaro anjumanlarni muvaffaqiyatli o‘tkazib kelmoqda. Ayni paytda bir qator o‘zbek ijodkorlarining asarlari turk va boshqa qardosh tillarga faol tarjima qilinmoqda. Bunday muloqotlar adabiy jarayonlar rivoji uchun yangi ufqlarni ochishga xizmat qilishi shubhasiz.

Aytish joizki, festival doirasida bir qator ijodkorlarning faoliyati, asarlari alohida e’tirof etilib, taqdirlandi.
Tadbir doirasida “Alisher Navoiy va XXI asr she’riyati” mavzusidagi mushoira, “She’riyat kelajagi va sun’iy intellekt” nomli davra suhbati, turk ijodkori Mehmet Do‘g‘on, qirg‘iz shoiri Aliqul Osmonov, qozoq shoiri Abay xotirasiga bag‘ishlangan mushoiralar, kitoblar taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Qardosh tilda ijod qilayotgan shoirlar mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan “Turkiy adabiyot durdonalari” 100 jildli muhtasham majmuaning nashr etilishini adabiyotga bo‘lgan yuksak e’tibor sifatida alohida e’tirof etdilar.
Festival doirasida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda Turkiya Yozarlar birligi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu hujjat o‘zbek va turk zamonaviy, mumtoz adabiyoti namunalarini ikki davlat kitobxonlariga yanada faolroq yetkazish, badiiy barkamol asarlarni tarjima qilish, ijod ahlining o‘zaro muloqoti uchun kengroq imkoniyatlar yaratishni ko‘zlagani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Qardosh tilli ijodkorlar mamlakatimizda milliy adabiyotga ko‘rsatilayotgan e’tiborga, yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlarga o‘zlari guvoh bo‘ldilar.
She’riyat festivalining ishtirokchilari ijod maktablari, muzeylar, ma’rifat maskanlari, tarixiy qadamjolarga sayohat qildi.
–Ushbu tadbirni yurakdan orzu qilganmiz, – dedi turkiyalik ijodkor Murod Qahramon. – Turk dunyosining adabiyoti, uning o‘tmishi, buguni va kelajagi alohida ahamiyat kasb etadi. Bunday festivallar adabiy, madaniy aloqalar bilan birga xalqlarimiz o‘rtasidagi qardoshlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Turkiy tilli davlatlarning o‘n oltinchi xalqaro she’riyat bayrami yakunlandi. Biroq ijodiy hamkorlik va muloqotlar, izlanish, yangi asarlar yaratish yo‘lidagi sa’y-harakatlar davom etadi.
Nazokat Usmonova,
Ahmadjon Ergashev (surat),
O‘zA muxbiri