Adabiy aloqalar mustahkamligi yo‘lida
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tashabbusi bilan Parkent tumanidagi 33-umumiy o‘rta ta’lim maktabida buyuk qirg‘iz adibi Chingiz Aytmatovning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan adabiy kecha o‘tkazildi.
Shundan so‘ng poytaxtimizdagi Chingiz Aytmatov monumenti poyida o‘zbek va qirg‘iz ellari do‘stligi va bunda adabiy aloqalarning o‘rniga bag‘ishlangan adabiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Yozuvchi-shoirlar, qirg‘iz milliy ma’daniy markazi faollari, talaba-yoshlar ishtirok etgan tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid va boshqalar tomonidan qardosh ikki xalq o‘rtasida do‘stlik rishtalarining yanada mustahkamlanishida Chingiz Aytmatovdek ulug‘ adibning o‘rni beqiyosligi e’tirof etildi.
Tadbirda so‘z olganlar Chingiz Aytmatov nafaqat qirg‘iz eli, ayni paytda, o‘zbek xalqi uchun ham aziz va qadrli siymo ekanini e’tirof etdi. Adibning mintaqa tinchligi va osoyishtaligi, xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shgani alohida ta’kidlandi.
Prezidentimizning 2018 yil 2 aprelda «Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida»gi qarori qabul qilinishi yurtimizda ulug‘ adib ijodini o‘rganishga yanada keng imkon berdi. Uning barkamol asarlari mamlakatimizda millionlab nusxada nashr etildi. O‘zbekiston Milliy universitetida «Chingiz Aytmatov va O‘zbekiston» doimiy ekspozitsiyasi tashkil qilingan. Yurtimiz teatrlarida adib asarlari asosida spektakllar sahnalashtirildi.

– O‘zbek va qirg‘iz do‘stligi kecha yoki bugun boshlanib qolgani yo‘q, – deydi filologiya fanlari nomzodi, adabiyotshunos Zuhriddin Isomiddinov. – Bizning dinimiz bir, tilimiz bir-biriga yaqin, urf-odatlarimiz o‘xshash. «Manas» dostoni qirg‘iz folklorining nodir asarlaridan biri. U millat tarixi, urf-odatlar haqida keng tarannum etadi. Ushbu asarni o‘zbek tiliga tarjima qilishga musharraf bo‘ldim. Qirg‘izistonda keng miqyosda taqdimoti o‘tkazildi. Adabiyotshunoslar tomonidan tarjimam yutuq va kamchiliklari e’tirof etilmoqda. Ijodkor sifatida bu ishni amalga oshirganimdan mamnunman.
Tadbirda O‘zbekiston davlat drama teatrida sahnalashtirilgan «Jamila» spektaklidan parcha namoyish etildi. Ikki millat do‘stligini tarannum etuvchi va Chingiz Aytmatovga bag‘ishlab yozilgan she’rlar o‘qildi.

Tadbir doirasida ishtirokchilari Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetidagi «Chingiz Aytmatov va O‘zbekiston» doimiy ekspozitsiyasiga tashrif buyurib, u yerdagi eksponatlar bilan tanishdi.
D.Mamatova, O‘zA