Achinko‘l – cho‘l bag‘ridagi achchiq suv, shirin umidlar maskani
Qashqadaryo viloyatining Mirishkor tumanida joylashgan Achinko‘l bir qarashda sokin, ammo mohiyatan serqirra tabiiy manzil. Cho‘l kengliklari qa’rida yotgan bu ko‘l nafaqat suv manbai, balki o‘ziga xos ekotizim, tarix va kelajak uyg‘unlashgan hududdir.
Achinko‘l nomi ham uning tabiatidan darak beradi. Toponimikada “achiq” – suvning sho‘r, minerallashgan xususiyatini anglatsa, “ko‘l” – tabiiy suv havzasidir. Demak, Achinko‘l “achchiq suvli ko‘l”. Bu esa uning tabiiy kelib chiqishi va suv tarkibining o‘ziga xosligini ko‘rsatadi.
Maydoni qariyb 2 ming gektar bo‘lgan ushbu ko‘lda 210 million kub metr suv jamlangan. Chuqurligi 18 metrga yetadi. Ko‘l Mirishkor janubiy kollektori orqali kelib quyiladigan suvlar hisobiga to‘yinib turadi va bu uning ekologik ahamiyatini yanada oshiradi.
Bu yerning tabiati keskin kontinental iqlim ta’sirida shakllangan. Yozda issiq va quruq havo hukm sursa, qish oylarida sovuq shamollar esadi. Ko‘l atrofi asosan qumli va sho‘rxok yerlardan iborat bo‘lib, bu yerda faqat chidamli o‘simliklar hayot kechiradi.
Qirg‘oqlarda qamish va qo‘g‘a qalin o‘sib, ko‘plab jonivorlarga boshpana bo‘ladi. Saksovul va yulg‘unlar esa cho‘lning “tirik qalqoni” kabi tabiatga barqarorlik baxsh etadi. Sho‘radosh o‘simliklar bu yerdagi og‘ir sharoitga moslashgan holda yashab kelmoqda.
Achinko‘l va uning atrofi hayvonot dunyosiga ham boy. Bu yer ko‘chib yuruvchi qushlar uchun muhim manzillardan biri hisoblanadi. Ayniqsa, o‘rdaklar, g‘ozlar, baqato‘nlar, hatto ba’zan flamingolarni ham uchratish mumkin. Cho‘l bag‘rida esa tulkilar, chiyabo‘rilar, kamdan-kam hollarda jayronlar ko‘zga tashlanadi.
[gallery-28778]
Ko‘l suvlarida esa sazan, usach va laqqa kabi baliq turlari uchraydi. Bu esa mahalliy aholi uchun ham muayyan manfaat manbai hisoblanadi.
– Achinko‘l bizning tabiatimiz, xotiralarimiz bilan bog‘liq joy, – deydi Bo‘son mahallasi faollaridan Sunnat Pirqulov. – Ilgari ham bu yerga kelib dam olardik. Baliq ovlardik. Hozir ham kelgan odam tabiatdan zavq oladi. Agar infratuzilma yaratilsa, bu joy katta sayyohlik maskaniga aylanishi mumkin.
Darhaqiqat, bu hududning salohiyati katta. Cho‘l va suv uyg‘unligi, tabiiy landshaft va sokin muhit ekoturizm uchun noyob imkoniyatlar yaratadi.
– Hozir bu yerga e’tibor oshib bormoqda. Agar yo‘llar yaxshilansa, sayyohlar uchun sharoitlar yaratilsa, bu hudud iqtisodiy jihatdan ham foyda keltiradi, – deydi mahalla faollaridan biri Azamat Hamroyev. – Bu yerni rivojlantirish bilan birga, tabiatni asrashni ham unutmaslik kerak. Chunki Achinko‘l noyob ekotizimdir.
Bugungi kunda Prezident qarori asosida ushbu hududda ekoturizmni rivojlantirish va tabiiy muhitni muhofaza qilish bo‘yicha qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Bu esa Achinko‘lning kelajagiga yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda.
Achinko‘l bu faqat sho‘r suvli ko‘l emas. U cho‘l bag‘ridagi hayot, tabiat va inson uyg‘unligining yorqin timsoli. Bugun u sokin, ammo ertaga u sayyohlar yo‘li tushadigan, tabiat bilan muloqot qiladigan manzilga aylanishi mumkin.
Muhimi, bu moviy olam o‘z sofligi va tabiiyligini saqlab qolsin.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari