Abdusattorov va Sindorov “Freestyle Chess” jahon chempionligi uchun kurashadi
Ertaga, 13-fevral kuni Germaniyada dunyoning eng kuchli 8 nafar shaxmatchisi ishtirokida mukofot jamg‘armasi 300 ming AQSH dollaridan iborat “Freestyle Chess” bo‘yicha jahon chempionati bahslari boshlanadi.
O‘zbekiston terma jamoasining yetakchi grossmesterlari Nodirbek Abdusattorov va Javohir Sindorov uch kun davomidagi aylanma tizimdagi musobaqalarda Magnus Karlsen, Levon Aronyan, Fabiano Karuana, Vinsent Keymer, Arjun Erigaysi, Xans Nimann bilan kuch sinashadi.
Bugun, 12-fevral kuni nufuzli musobaqada ishtirok etadigan shaxmatchilar Germaniyada jam bo‘ldi.

Kun davomida ishtirokchilar chempionatning reglamenti, musobaqalarning texnik-taktik tamoyillari bilan tanishtirildi.
Dasturga binoan, ertaga, 13-fevral kuni har bir ishtirokchi bir-biri bilan bittadan o‘yin o‘tkazadi, ya’ni 7 ta partiya o‘yinlarida dona suradi.
14-15-fevral kunlari birinchi bosqichda eng yaxshi natija ko‘rsatgan 4 nafar shaxmatchi chempionlik uchun kurashni davom ettiradi. Qolgan 4 nafari esa 5-8-o‘rinlar uchun bahs olib boradi. Vaqt nazorati 25 daqiqa, shuningdek har yurishda 10 soniya qo‘shimcha beriladi. Agar hisob teng bo‘lsa g‘olib tay-brek o‘yinida aniqlanadi.
O‘yinchilar oldindan yashirin tarzda qora donalarda qaysi vaqt bilan o‘ynashga rozi ekanini belgilaydi. Qora donalarda o‘ynagan shaxmatchiga durang ham g‘alaba hisoblanadi. Oq donalarda o‘ynovchi belgilangan vaqtni oladi va albatta, yutishi kerak. 61-yurishdan boshlab har yurishga 1 soniya qo‘shimcha vaqt belgilanadi. Barcha partiyalar Fisher formatida o‘ynaladi.
Eslatib o‘tamiz, chempionatda g‘oliblikka erishgan shaxmatchi 100 AQSH dollari bilan taqdirlanadi. Shuningdek, 2-o‘rin 60, 3-o‘rin 40, 4-o‘rin 30, 5-o‘rin 25, 6-o‘rin 20, 7-o‘rin 15, 8-pog‘onadan joy olgan ishtirokchi 10 ming AQSH dollarni qo‘lga kiritadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA