Abdurahim polvon “Grand Slam” g‘olibi
Mo‘g‘uliston poytaxti Ulan-Bator shahrida dzyudo bo‘yicha "Katta dubulg‘a" turkumidagi nufuzli turnir boshlandi.
Unda hamyurtimiz Abdurahim Nutfulloyev vazni 66 kilogrammgacha bo‘lgan dzyudochilar o‘rtasida oltin medalni qo‘lga kiritdi. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, polvonimiz finalga qadar amerikalik Bilet Erdenetsogtni, mezbonlar vakili Erhembayar Battogtohni, Koreya Respublikasi vakili Kim Chan Yonni taslim etdi. So‘nggi hal qiluvchi final bellashuvida Abdurahim Nutfulloyev moldovalik tajribali Denis Viyeruga qarshi raqobatlashdi. Mazkur bellashuvda yosh dzyudochimiz raqibini taslim etib, musobaqaning oltin medali va jahon reytingining 1000 ochkosini qo‘lga kiritdi.

Ma’lumot o‘rnida: 29 yoshli Denis Viyeru ayni paytda jahon reytingida 11, 23 yashar Abdurahim Nutfulloyev esa 64-o‘rinni egallab turibdi. Denis “Parij-2024” Olimpiadasida bronza medalini qo‘lga kiritgan. Jahon chempionatlarining ikki karra sovrindori, “Grand Slam” musobaqalarida 10 ta turli hil medallarni qo‘lga kiritgan.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA