Abdulla Oripov ijodiga bag‘ishlandi
Toshkent viloyati Qibray tumanida O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripovning 80 yilligi munosabati bilan "Sen bahorni sog‘inmadingmi" nomli ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi vakillari, hududdagi 7-, 28 umumta’lim maktablari o‘qituvchi va o‘quvchilari ishtirok etgan tadbirda o‘zbek adabiyoti rivojiga ulkan hissa qo‘shgan atoqli shoirning betakror ijodiy merosi va uning ahamiyati haqida batafsil ma’lumot berildi. Adibning insoniy fazilatlarni madh etgan yetuk badiiy asarlari, ijtimoiy faoliyati va sermazmun hayotining yosh avlod tarbiyasidagi beqiyos o‘rni haqida so‘z bordi.
[gallery-6104]
– Bu inson adabiyotda o‘z maktabini yaratib ketdi, – deydi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid. – Abdulla Oripovning she’rlarini o‘qigan inson o‘zgacha ruhiy quvvat oladi. Adib “Ulug‘ xalq qudrati jo‘sh urgan zamon”, deya bejizga aytmagan. Unda o‘ziga xos or-nomus, shijoat va buyuk qudrat nazarda tutilgan. Har bir yigit-qiz maktab davridayoq qalbiga bu kabi tuyg‘ularni joylashi va Vatanini sevishi kerak.
She’riyat kechasida o‘qib berilgan shoirning ijod namunalari barchaga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi. Davra qizg‘in suhbatga boy bo‘ldi. Yozuvchilar uyushmasi tomonidan maktab o‘quvchilariga badiiy va she’riy kitoblar sovg‘a qilindi.
A.Musayev, O.G‘ulomov, O‘zA