Abdulla Avloniy dunyosiga sayr
Poytaxtimizdagi Adiblar xiyobonida ijodkorlarga o‘rnatilgan haykallar poyida adabiy tadbirlar o‘tkazilishi an’ana tusiga kirgan.
Ana shunday tadbirlardan biri Abdulla Avloniy haykali poyida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti tomonidan uyushtirildi.

Unda fakultet dekani Omilxon Ismoilov yoshlarga Abdulla Avloniyning qoldirgan boy ma’naviy merosi, uning o‘zbek adabiyotidagi o‘rni, navqiron avlod kamolotidagi tarbiyaviy ahamiyati haqida so‘z yuritdi. Universitetda adib ijodini chuqur o‘rganish, keng targ‘ib qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga alohida to‘xtaldi. Bo‘lg‘usi pedagoglarga Avloniy asarlarini ko‘proq mutolaa qilish lozimligi haqida ta’kidladi.

– Maktab darsligida Abdulla Avloniy ijodini sevib o‘qiganmiz, – dedi talaba Saodat Xursandova. – “Abdulla Avloniy dunyosiga sayr” nomli tadbirda adib ijodi bilan yanada yaqindan tanishdik. Universitetda adib hayoti va ijodiga bag‘ishlab tadbirlar o‘tkazilishi, turli tanlovlarda ishtirok etishga harakat qilaman.
Haykal poyida adib ijodidan namunalar keltirildi. Talaba-yoshlar ishtirokida mushoira uyushtirildi.
D.Mamatova,
O‘zA muxbiri