Jahon kubogi bosqichida xitoylik suzuvchilar yetakchi
“Olimpiya shaharchasi”ning Suv sporti saroyida suzish bo‘yicha jahon kubogi bosqichining uchinchi kungi bellashuvlariga ham start berildi.
Bugun, 10-oktabr kuni jahon kubogi bosqichi dasturida ayollar o‘rtasida 1500 metrga erkin, 100 metrga batterflyay, erkin, 200 metrga chalqancha hamda kompleks, 50 metrga brass, erkaklar o‘rtasida esa 400 metrga kompleks, 50 metrga batterflyay, 100 metrga chalqancha, 200 metrga brass va erkin usullarda suzish bo‘yicha final bahslari o‘tkaziladi.
Musobaqaning 9-oktabr kungi bellashuvlarida erkaklar o‘rtasida 100, 800 metrga erkin, 50 metrga chalqancha va brass, 200 metrga kompleks hamda batterflyay, ayollar o‘rtasida esa 400 metrga kompleks, 200 metrga erkin, 100 metrga chalqancha va brass, 50 metrga batterflyay usullarida suzish bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar aniqlandi.
Quvonarlisi, jahon kubogining ikkinchi kunida O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Ilya Sibirsev bronza medalini qo‘lga kiritdi. Hamyurtimiz 800 metrga erkin usulda suzish bahslarida 7:40.77 natija ko‘rsatib, O‘zbekiston rekordini yangiladi va shohsupaning uchinchi pog‘onasidan joy oldi.
Mazkur masofada belgiyalik Lukas Henvo 7:37.83 natija bilan oltin, amerikalik Karson Foster esa 7:40.38 natija bilan kumush medalga sazovor bo‘ldi.

Jahon kubogi bosqichining ikkinchi kungi bellashuvlari yakuniga ko‘ra, medallar jamg‘arish bo‘yicha umumjamoa hisobida Xitoy terma jamoasi 4 ta oltin va 2 ta bronza medali bilan birinchi o‘rinda bormoqda. Rossiyalik sportchilar hisobida 3 ta oltin, 4 ta kumush va 5 ta bronza, niderlandiyalik suzuvchilarda esa 3 tadan oltin va bronza hamda 1 ta kumush medal bor va ular kuchli uchlikdan joy olgan.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA