9/11: chorak asrlik saboq yohud xavfsizlik va ma’rifat yo‘li
2001-yil 11-sentyabr. Nyu-York osmoni uzra ko‘tarilgan qora tutun va qulagan osmono‘par binolar... O‘sha daqiqalarda bu mudhish voqea butun bashariyat taqdirini, xalqaro munosabatlar xaritasini va eng muhimi, insoniyat tafakkurini butunlay o‘zgartirib yuborishini ko‘pchilik anglagan edi. Mana, o‘sha mash’um kundan beri naq roppa-rosa 25 yil – chorak asr o‘tdi.
Minglab chaqirimgina emas, butun bir zamonlar olisida sodir bo‘lgandek tuyulgan bu fojianing iztirobi zum o‘tmay sayyoramizning barcha burchaklariga, jumladan, bizning tinchliksevar mintaqamizga ham daxldor ekanligi o‘sha davrdayoq yaqqol namoyon bo‘lgan edi. O‘shanda boshlangan geosiyosiy dovullar, qonli to‘qnashuvlar oradan chorak asr o‘tsada, afsuski, hanuz tinmadi. Begunoh insonlarning yostig‘ini quritgan bu qirg‘inlar dunyoga bir haqiqatni – terrorizmning millati, dini va chegarasi yo‘qligini achchiq tarzda uqtirdi.
Bugun ham yer yuzining turli nuqtalarini zir titratayotgan xurujlar to‘xtagani yo‘q. Bizni doimiy hushyorlikka undashi lozim bo‘lgan ogohlik qo‘ng‘irog‘i shuki, bu g‘ayriinsoniy harakatlar bevosita chegaralarimiz yaqinida, umumiy uyimiz bo‘lgan mintaqada ham o‘zining qora niyatlarini yashirmayapti.

Shunday tahlikali va murakkab zamonda davlatimiz rahbari boshchiligida yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash, xususan, ekstremizm va terrorizm balosiga qarshi kurashish borasida ko‘rilayotgan tizimli choralar o‘zining yuksak amaliy samarasini bermoqda. 2021-yil 1-iyuldagi Prezident farmoni bilan tasdiqlangan tegishli Milliy strategiya bu boradagi ishlarning mustahkam huquqiy va amaliy poydevori bo‘lib xizmat qilmoqda. O‘zbekiston BMT, ShHT va boshqa nufuzli xalqaro tuzilmalar bilan axborot almashish, chegara xavfsizligini ta’minlash hamda transmilliy tahdidlarga qarshi kurashish yo‘nalishida qat’iy va faol hamkorlik olib bormoqda. Qisqacha aytganda, bugun O‘zbekiston bu global illatga qarshi kurashda o‘z zimmasidagi mas’uliyatni sharaf bilan bajarib, dunyo hamjamiyatiga haqiqiy tinchliksevarlik va qat’iyat namunasini ko‘rsatmoqda.
Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: asr boshida sodir bo‘lgan o‘sha mash’um voqealardan bugun qanday saboq chiqarishimiz kerak? Bu dahshatlar hech qachon takrorlanmasligi uchun nima qilishimiz shart? Va eng muhimi, oddiy bir vatandosh o‘laroq bu ezgu ishga o‘zimizning qanday hissamizni qo‘sha olamiz?
Avvalo, yoshlarimizni yot va buzg‘unchi g‘oyalardan himoya qilish, ularda sog‘lom tanqidiy fikrlashni, zamonaviy media savodxonlikni rivojlantirish – kechiktirib bo‘lmas vazifadir. Terrorizmga qarshi kurash hech qachon biror millat yoki dinga qarshi kurash tusini olmasligi shart. Bu illatga qarshi faqat va faqat ma’rifat, ilm va ezgulik bilan kurashish mumkin.
Vatan himoyasi – eng avvalo, ongimiz mudofaasidan, tafakkurimizni har qanday buzg‘unchi ta’sirlardan toza saqlashdan boshlanadi. Bugungi jadal raqamlashgan, eski qadriyatlar sinovga uchrayotgan davrda faqat qo‘lida qurol tutgan harbiylar emas, balki o‘z fikriga, qat’iy e’tiqodiga ega har bir ongli fuqaro – Vatan himoyachisidir. Harbiylar chegaralarimizni jismonan qo‘riqlasalar, ziyoli, ma’rifatli yurtdoshlarimiz o‘zlarining sog‘lom tafakkuri, so‘zi va faol fuqarolik pozitsiyasi bilan millat ongini asrab, yurt mudofaasiga harbiylardan kam bo‘lmagan ulkan hissa qo‘shmoqdalar.
11-sentyabr xurujlarini xotirlash aslida, shunchaki quruq o‘tmishni eslash yoki navbatdagi rasmiyatchilik emas. Avvalo, tinchlik naqadar bebaho ne’mat ekanligini, uni ko‘z qorachig‘idek asrab, kelajak avlodlarga yetkazish har birimizdan ulkan mas’uliyat talab qilishini yana bir bor yodga soluvchi ogohlik qo‘ng‘irog‘idir.
Zero, terrorizmga qarshi yakka holda kurashib bo‘lmaydi. Buning uchun jamiyatda totuvlik, bag‘rikenglik va o‘zaro birdamlik har qachongidan ham muhimroqdir.
Unutmaylik, xavfsizlikni faqatgina kuch ishlatish vositalari bilan ta’minlab bo‘lmaydi. Uning eng mustahkam va abadiy poydevori – ma’rifat, adolat, turli madaniyatlar va tamaddunlar o‘rtasidagi sog‘lom muloqot hamda har bir fuqaroning o‘z yurtiga bo‘lgan yuksak mas’uliyat tuyg‘usidir.
Avazbek SHERMATOV,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat
markazi huzuridagi Ijtimoiy-ma’naviy
tadqiqotlar instituti ilmiy xodimi