850 gektar adirliklarga suv keltirilmoqda
“Ayqiron mirishkorlari” MTP hududidagi ana shunday maydonga suv qudugʻi burgʻulanishi natijasida 110 gektar adir qayta jonlanmoqda.
El boshiga ish tushganda
Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash masalasi dolzarb ahamiyat kasb etib turgan bugungi kunda Namangan viloyatida foydalanishdan chiqib ketgan dala maydonlarini qayta oʻzlashtirish, irrigatsiya tizimini barpo etish va suvni tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, kam suv talab qiladigan ekinlar ekish borasida amalga oshirilayotgan ishlar diqqatga sazovor.
Ayni kunlarda birgina Chortoq tumanida 850 gektarga yaqin sugʻorish bilan bogʻliq muammolar sababli oʻttiz-qirq yillardan beri foydalanilmay kelinayotgan adirliklarga suv chiqarib, yangi bogʻlar, sabzavot dalalari barpo etish ishlari qizgʻin davom etmoqda.
“Ayqiron mirishkorlari” MTP hududidagi ana shunday maydonga suv qudugʻi burgʻulanishi natijasida 110 gektar adir qayta jonlanmoqda. Oʻzlashtirgan mazkur yerning 50 gektarida paxta yetishtirish rejalashtirilgan boʻlsa, 10 gektar maydonda limonariy, 5 gektarda tutzor hamda 45 gektar yerda intensiv bogʻ barpo etilmoqda.
Shuningdek, viloyat hokimligi tashabbusi bilan Namangan davlat oʻrmon xoʻjaligi hududidagi nasosli suv tarmogʻi trubalari qayta tiklanib, 350 gektar maydon qayta oʻzlashtiriladigan boʻldi.
Foydalanishga kirayotgan bu maydonlarda tashkil etilayotgan bogʻlar va ekin dalalari, yosh va ishga ehtiyoji boʻlgan oilalarga boʻlib beriladi va bu tumanda ishsizlikni kamaytirish bilan birga, aholi daromadlarini oshirishi hamda dasturxonlar toʻkinligini taʼminlashga xizmat qiladi.