7 nafar bokschimiz finalda, 2 nafarida bronza medali
Poytaxtimiz mezbonlik qilayotgan boks bo‘yicha jahon chempionatining yarim final janglari yakunlandi.
Jahon chempionatining ortda qolgan o‘n birinchi kungi janglari tafsilotiga to‘xtaladigan bo‘lsak, 54 kilogramm vazn toifasida hamyurtimiz Oybek Jo‘rayev yarim finalda rossiyalik Dmitriy Dvalini ochkolar hisobida mag‘lub etdi. 25 yoshli Oybek 14 may kuni tashkil etiladigan final jangida qozog‘istonlik Mahmud Sabirxan bilan to‘qnash keladi.

Shuningdek, 67 kilogramm vazn toifasida Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev mo‘g‘ulistonlik Misheyelt Battumurni 5:0 hisobida dog‘da qoldirdi va oltin medal uchun qozog‘istonlik Dulat Bekbauov bilan jang qiladigan bo‘ldi.
51 kilogramda Hasanboy Do‘smatov, 57 kilogramm og‘irlikda Abdumalik Xalokov, 63,5 kilogramm vaznda Ruslan Abdullayev va 71 kilogramm vazn toifasida Saidjamshid Ja’farov jahon chempionatining yarim finalida muvaffaqiyatga erishganligi, Bahodir Jalolovning raqibi ringga chiqmaganligi terma jamoamizning 7 nafar vakili chempionlik yo‘lidagi yurishini davom ettirishini anglatmoqda.
Rio olimpiadasi g‘olibi Hasanboy Do‘smatov oltin medal uchun kurashda fransiyalik Billal Bennama bilan, 2018 yilgi yoshlar olimpiadasi g‘olibi Abdumalik Xalokov kubalik Xorta Rodriges bilan, Rufat Risqiyev kubogi sohibi Ruslan Abdullayev mo‘g‘ulistonlik Chinzorig Baatarsukx bilan, iqtidorli charm qo‘lqop ustasi Saidjamshid Ja’farov finalda qozog‘istonlik Aslanbek Shimbergenov bilan ro‘baro‘ keladi.

Yarim final janglarida ishtirok etgan terma jamoamizning eng yosh bokschisi 19 yoshli A’loxon Abdullayev hamda harbiylar o‘rtasida jahon chempionligiga erishgan Lazizbek Mullajonov yarim final jangi natijasida bronza medallari bilan kifoyalanishdi.
Eslatib o‘tamiz, Toshkentda o‘tkazilayotgan jahon chempionatida oltin medal sohiblari 200 ming AQSH dollari, kumush medalga ega chiqqan bokschilar 100 ming AQSH dollari hamda bronza medalini qo‘lga kiritgan sportchilar 50 ming AQSH dollari bilan taqdirlanadi.
T. RO‘ZIEV, O‘zA