6 mingdan ortiq kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari musodara qilindi
Bugun mamlakatimizda an’anaviy giyohvand moddalardan ko‘ra, narxi nisbatan arzon bo‘lgan sintetik narkotiklar va kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy aylanmasi ko‘p kuzatilmoqda.
Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq, respublikamiz hududida erkin muomalasi ta’qiqlangan bunday dori vositalari asosan qo‘shni davlatlardan noqonuniy yo‘llar bilan olib kelinib, yashirin tarzda sotilmoqda.
Afsuski, tibbiy maqsadlarda foydalanish uchun mo‘ljallangan kuchli dori vositalarining ayrim yoshlar tomonidan mastlik holatiga tushish maqsadida ishlatilishi, ularning sog‘lig‘iga va kelajagiga jiddiy zarar yetkazmoqda.

Bunday salbiy oqibatlarning oldini olish maqsadida huquq-tartibot idoralari tomonidan muntazam ravishda tegishli chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Jumladan, Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Ichki ishlar va Bojxona organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida Farg‘ona shahrida istiqomat qiluvchi1974 y.t. fuqaro kelgusida sotish maqsadida o‘z yashash xonadonida 3580 dona “Regapen” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini saqlayotganligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olindi.
Boshqa holatda esa “Qo‘qon – Toshkent” yo‘nalishida harakatlanayotgan, Qo‘qon shahrida yashovchi 1990 y.t. shaxs boshqaruvidagi “Lasetti” rusumli avtotransport vositasi to‘xtatilib tekshirilganda, uning salon qismiga 2520 dona “Regapen” dori vositalari xufiyona tarzda yashirib qo‘yilganligi ma’lum bo‘ldi.
Hozirda har ikki holat bo‘yicha qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Hurmatli fuqarolar, kundalik hayotda giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq holatlarga duch kelsangiz ДХХнинг 1520 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, xabar bering. Shaxsingizning sir saqlanishi kafolatlanadi.