598 ming gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar joriy etildi
Suv xo‘jaligi vazirligida 2026-yilning birinchi yarmi yakunlariga bag‘ishlangan ochiq hay’at majlisi o‘tkazildi. Unda sohada amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, erishilgan natijalar sarhisob qilindi hamda ikkinchi yarim yillik uchun ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Ochiq hay’at majlisi suv xo‘jaligi vaziri, hay’at raisi Shavkat Hamroyev rahbarligida o‘tdi. Unda vazirlik rahbariyati, hay’at a’zolari, markaziy apparat va tizim tashkilotlari rahbarlari, shuningdek, hududlardagi mutasaddilar videokonferensaloqa orqali ishtirok etdi.
Qayd etilishicha, birinchi yarim yillikda suv resurslaridan samarali foydalanish, suv tejovchi va raqamli texnologiyalarni joriy etish hamda sug‘orish tarmoqlarini modernizatsiya qilish hisobiga 5,1 milliard kub metr suv iqtisod qilindi. Jumladan, 598 ming gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar joriy etildi, 134 ming gektarda ko‘chma egiluvchan quvurlar va plyonka to‘shab sug‘orish usullari qo‘llanildi. Shuningdek, 600 kilometr kanal betonlashtirilib, 42 ta irrigatsiya va 15 ta melioratsiya ob’ektida qurilish-montaj ishlari to‘liq yakunlandi.

Hisobot davrida soha ob’ektlarida quyosh energetikasi loyihalari amalga oshirilib, 35,6 million AQSH dollari miqdorida xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi. “Suv hisobi” axborot tizimi davlat axborot tizimlari bilan integratsiya qilinib, dalolatnomalarni rasmiylashtirish va soliq hisob-kitoblarini avtomatlashtirish imkoniyati yaratildi.
Hay’at majlisida Prezidentning tegishli farmonlari ijrosi, rahbarlarning KPI natijalari hamda Davlat dasturi doirasidagi irrigatsiya va melioratsiya loyihalarining bajarilishi muhokama qilinib, ikkinchi yarim yillikdagi ustuvor vazifalar yuzasidan mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi.

N.Ziyodullayeva,
O‘zA