500 ming so‘mdan moddiy yordam puli tarqatilmoqda
Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yilning 30 iyul kuni “Kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlarini qo‘llab–quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi.
Unga ko‘ra, shu kunlarda aholining moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalarning farzandlarini kiyim-bosh to‘plamlari, maktab formasi va o‘quv qurollari bilan ta’minlash xarajatlarni byudjet mablag‘lari hisobidan qoplash maqsadida “Temir daftar”ga kiritilgan olalarning 18 yoshgacha bo‘lgan har bir farzandi uchun, shuningdek, boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi yoki nafaqasi oluvchi oilalarning 18 yoshga to‘lmagan farzandlariga, nogironligi bo‘lgan 18 yoshga to‘lmagan bolalarga 500 ming so‘mdan bir martalik moddiy yordam puli berilmoqda.
Bu jarayon Samarqand viloyatida ham davom etmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda viloyatda 18 yoshga to‘lmagan bolalari bo‘lgan 10756 oila “Temir daftar”da ro‘yxatda turibdi. Bu oilalardagi bir martalik, ya’ni 500 ming so‘mdan pul olishi kerak bo‘lgan bolalar 21 ming 348 nafarni tashkil etadi. Har bir sektor kesimida ushbu oilalar ro‘yxati shakllantirilib, ularga respublika byudjetidan pul ajratilgan holda moddiy yordam pullari yetkazilmoqda.
Bundan tashqari viloyatda pensiya jamg‘armasi hisobida turgan oilalar va nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar ham belgilangan tartibda moddiy yordam pullarini olmoqda.
– Viloyatimizda pensiya jamg‘armasi hisobida turgan boquvchisini yo‘qotgan, nogironligi bo‘lgan jami 32725 nafar voyaga yetmagan bolalarga 22 milliard 119 million so‘m moddiy yordam mablag‘lari ajratilgan, – deydi byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi Samarqand viloyati boshqarmasi sektor mudiri Abdurashid Rahimov. – Ushbu bolalarga moddiy yordam pullarini to‘lab berish uchun avgust oyining dastlabki kunlaridanoq to‘lov qaydnomalari rasmiylashtirilib, “Xalq banki” va tijorat banklarga yuborildi. Ular tomonidan mablag‘lar o‘z egalariga tarqatilmoqda.
Moddiy yordam pul mablag‘larining tarqatilishi viloyat iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish boshqarmasi hamda pensiya jamg‘armasi hududiy idoralari xodimlari tomonidan kunlik monitoring qilib borilmoqda.
G‘.HASANOV, O‘zA