50 nafar bitiruvchi o‘z tadbirkorligini boshladi
Andijon viloyati Marhamat tumanidagi 45 ta umumta’lim maktabini joriy o‘quv yilida 2 ming 55 nafar 11-sinf o‘quvchisi tamomladi.
Yoshlar kuni munosabati bilan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev "Talaba va yoshlar forumi" videoselektor shaklidagi muloqotda o‘quvchi yoshlarni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarga o‘rgatish, bitiruvchilar bandligini ta’minlash yuzasidan dolzarb va muhim masalani ilgari surdi.
Davlatimiz rahbarining ana shu masaladagi fikrlari asosida Marhamat tumanidagi umumta’lim maktablari bitiruvchilari bandligini ta’minlash bo‘yicha ham e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda.
Tuman xalq ta’limi bo‘limi tomonidan maktab bitiruvchilari orasidan o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish, kredit olish istagini bildirgan 11-sinf bitiruvchilarining ro‘yxati shakllantirildi. Ularning tadbirkorlik ko‘nikmalarini, bu boradagi bilim va tushunchalarini boyitish maqsadida tumanda faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar, savdo-sanoat palatasi, soliq, bank idoralari mutaxassislari ishtirokida qator seminarlar, muloqot va davra suhbatlari o‘tkazildi.
Bitiruvchilarning qiziqish, intilish, qolaversa, imkoniyatlaridan kelib chiqib, 1-bosqichda ularning 202 nafari savdo-sanoat palatasi Tadbirkorlikka ko‘maklashish markazining platformasiga kiritildi.Ular tikuvchilik, pazandachilik va IT yo‘nalishlari bo‘yicha kurslarda tahsil oldi.
Ayni kunga qadar ularning 50 nafari kredit hisobidan zarur jihozlar olib, o‘z tadbirkorligini boshlab yubordi.
– Men tikuvchilik hunarini o‘rganganman, – deydi tumandagi 42-umumta’lim maktabi bitiruvchisi Kamola Ibragimova. – Maxsus kursda o‘qib, sertifikat oldim. Ajratilgan imtiyozli kredit hisobidan bir necha tikuv mashinasi olib, o‘z xonadonimda tadbirkorlik faoliyatimni boshladim. Ayollar, bolalar liboslarini tikish orqali daromad topaman, shu bilan birga, “ustoz-shogird” an’anasi asosida hunar o‘rganish istagidagi mahalladosh qizlarga tikuvchilik hunarini o‘rgataman.
Tumanda umumta’lim maktablari bitiruvchilari bandligini ta’minlash, ularning o‘z ishini yo‘lga qo‘yishlariga ko‘maklashishga qaratilgan ishlar davom etmoqda.
F. UBAYDULLAEV, O‘zA