46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi: Reyting ko‘rsatkichida qaysi jamoalar yetakchi?
Joriy yilning 15-27-sentabr kunlari Samarqandda shaxmat bo‘yicha o‘tkaziladigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida ishtirok etadigan jamoalar ro‘yxati tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, shaxmat olimpiadasining erkaklar va ayollar jamoalari o‘rtasidagi shiddatli kurashlarda umumiy hisobda 400 ta jamoa ishtirok etish talabnomalarini rasman tasdiqladi.
Ochiq tarkib nomi bilan ataladigan, asosan erkaklardan iborat jamoalar 208 ta, xotin-qiz shaxmatchilarni jamlagan jamoalar esa 192 tadan iborat bo‘ldi.
Bundan ko‘rinib turibdiki, Samarqand shaxmat olimpiadasida 2024-yilgi Budapesht olimpiadasiga nisbatan 40 ta ko‘p jamoa qatnashadi.

Aytish lozimki, bundan ikki yil muqaddam Vengriyada tashkil etilgan 45-Butunjahon shaxmat olimpiadasining ikki yo‘nalishida 38 ta jamoa a’zolari dona surgan edi.
Olimpiada dasturiga muvofiq, musobaqaning tantanali ochilish marosimi 15-sentabr kuni Samarqandda bo‘lib o‘tadi. Shundan so‘ng, 16-27-sentabr kunlari musobaqaning 11 ta klassik bosqich musobaqalari bo‘lib o‘tadi.
Taqdim etilgan talabnomalarga ko‘ra, erkaklar jamoalari ro‘yxatini hozirda FIDE reytingida munosib o‘rinlarni egallab kelayotgan Fabiano Karuana, Uesli So, Hans Niyemann, Levon Aronyan, Avonder Liang va jamoa sardori, 2016-yilgi shaxmat olimpiadasi oltin medal sohibi Jon Donaldsondan iborat “Jahon terma jamoasi” nomi bilan tanilgan Amerika Qo‘shma Shtatlari boshqarib turibdi.
Keyingi reyting pog‘onasini Arjun Erigaisi, Praggnanandxa, Pentala Harikrishna, Nihal Sarin, Gukesh Dommaraju, Vidit Gujrati va jamoa sardori Srinath Narayananni jamlagan Hindiston terma jamoasi egallagan.
Reytingning uchinchi pog‘onasidan Rustam Qosimjonov sardorligidagi Javohir Sindorov, Nodirbek Abdusattorov, Nodirbek Yoqubboyev, Shamsiddin Vohidov, Muhiddin Madaminovdan tashkil topgan O‘zbekiston-1 terma jamoasi o‘rin olgan.

Shuningdek, keyingi reyting o‘rinlarida Xitoy, Germaniya, Ozarbayjon, Armaniston, Argentina, Niderlandiya, Angliya, Turkiya, Fransiya, Eron kabi terma jamoalar joy olgan.
Shaxmat olimpiadasida 206 ta jamoa safida O‘zbekiston-1 jamoasi singari O‘zbekiston-2 va O‘zbekiston-3 jamoalari dona suradi.
Reyting ko‘rsatkichida Muhammadzohid Suyarov, Abdumalik Abdusalimov, Jahongir Vohidov, Humoyun Bekmuratov, Ortiq Nig‘matov harakatlanadigan O‘zbekiston-2 jamoasi 32-o‘rinda, Saidakbar Saidaliyev, Bahrom Bahrullayev, Almas Rahmatullayev, Muhammadali Abdurahmonov, Asrorjon Omonovdan tashkil topgan O‘zbekiston-3 jamoasi umumiy reyting ochkolari holatida 55-o‘rindan joy egalladi.
Xotin-qizlar terma jamoalari ro‘yxatining eng yuqori qatorida 45-shaxmat olimpiadasi g‘olibi Hindiston jamoasi qayd etilgan bo‘lsa, keyingi o‘rinlarda Gruziya, Xitoy, Qozog‘iston, AQSH, Ukraina, Polsha, Fransiya, Serbiya, Niderlandiya, Germaniya, Vengriya kabi o‘nlab mamlakatlarning milliy jamoalari keltirib o‘tilgan.

Afruza Hamdamova, Gulruhbegim Tohirjonova, Nilufarxon Imomqo‘ziyeva, Umida Omonova, Guldona Karimovadan iborat O‘zbekiston-1 ayollar jamoasi 192 ta jamoa orasida 13-o‘rinda, Nilufar Yoqubboyeva, Marjona Malikova, Asal Salimova, Madinabonu Xalilova, Mumtozbegim Mansurovadan tashkil topgan O‘zbekiston-2 ayollar jamoasi 42, Shoxina Ahmedova, Maftuna Bobomurodova, Barchinoy Shokirjonova va Ozoda Shahzodovani jamlagan O‘zbekiston-3 ayollar jamoasi 63-pog‘onada ko‘rsatilgan.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA