Ravshan Ermatov – Osiyoning eng yaxshi hakami
O‘zbekistonlik FIFA referisi Ravshan Ermatov beshinchi marotaba “Osiyoning eng yaxshi hakami” deb e’tirof etildi.
O‘zbekistonlik FIFA referisi Ravshan Ermatov beshinchi marotaba “Osiyoning eng yaxshi hakami” deb e’tirof etildi.Prezidentimiz Islom Karimovning 2014-yil 25-iyuldagi farmoniga binoan xalqaro maydonda mamlakatimizning sport sohasidagi shon-shuhratini yuksaltirish, o‘zbek futbolining nufuzini oshirish, milliy futbol hakamlari maktabini rivojlantirish ishiga qo‘shgan munosib hissasi uchun O‘zbekiston futbol federatsiyasining xalqaro toifadagi hakami, FIFA referisi Ravshan Ermatov «El-yurt hurmati» ordeni bilan mukofotlangan.
Filippin poytaxti Manilada Osiyo futbol konfederatsiyasi tashkil etilganining 60-yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan marosimda joriy yilgi futbol mavsumining turli nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblari taqdirlandi.
Unga ko‘ra R.Ermatov qit’a hakamlari o‘rtasida eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etib, “Osiyoning eng yaxshi hakami” bo‘ldi.
2003-yildan buyon FIFA tasnifidagi musobaqalarni boshqarib kelayotgan R.Ermatov futbol bo‘yicha deyarli barcha nufuzli turnirlar – 2007 va 2009-yillarda o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi jahon birinchiliklari, 2008 va 2011-yillarda klublar o‘rtasidagi jahon chempionatlari finali, 2010 va 2014-yillardagi jahon chempionatlari, 2011-yilgi Osiyo kubogi finali, 2012-yili XXX yozgi Olimpiya o‘yinlarining futbol uchrashuvlari, 2013-yilda esa Braziliyada o‘tgan konfederatsiyalar kubogi bahslarida hakamlik qildi.
O‘zbek o‘g‘loni 2008, 2009, 2010 va 2011-yillarda ketma-ket to‘rt marotaba “Osiyoning eng yaxshi hakami” deb topildi. Xalqaro futbol uyushmalari federatsiyasi uni 2011-yilda “Jahonning eng yaxshi hakami” deb e’tirof etdi. Mamlakatimiz va xalqaro miqyosdagi musobaqalarni yuqori saviyada boshqarib kelayotgan R.Ermatov 2013-yil yakunlari bo‘yicha ham dunyoning eng kuchli hakamlari reytingining yuqori pog‘onalaridan joy olgan.
Hamyurtimizning 2010-yili Janubiy Afrika Respublikasi va joriy yili Braziliyada o‘tkazilgan futbol bo‘yicha jahon chempionatlarida ketma-ket ishtirok etishi O‘zbekiston sportining ulkan yutug‘i bo‘ldi. 2010-yilgi chempionatning ochilish marosimi va yana to‘rtta uchrashuvni a’lo darajada boshqarib, dunyoga O‘zbekiston sportchilarining salohiyati va qudratini namoyon eta olgan o‘zbek hakami joriy yilgi futbol mundialida jami to‘rtta uchrashuvni – guruh bosqichida Shveytsariya – Ekvador, AQSh – Germaniya va Meksika – Xorvatiya, chorak finalda Gollandiya – Kosta-Rika terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvlarni muvaffaqiyatli boshqardi. R.Ermatov hakamlik faoliyati davomida jahon chempionatlari final bosqichida eng ko‘p – 9 uchrashuv boshqarib, dunyo rekordini o‘rnatdi.