Energiya resurslarini tejash – davr talabi
“O‘zbekenergo” davlat aksiyadorlik kompaniyasida yoqilg‘i-energetika resurslaridan oqilona foydalanish, sohaga chet el investitsiyalarini jalb etish, foydalanilayotgan elektr energiyasi uchun to‘lov tizimini takomillashtirish va bu borada jahon tajribasini amalda qo‘llash masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
“O‘zbekenergo” davlat aksiyadorlik kompaniyasida yoqilg‘i-energetika resurslaridan oqilona foydalanish, sohaga chet el investitsiyalarini jalb etish, foydalanilayotgan elektr energiyasi uchun to‘lov tizimini takomillashtirish va bu borada jahon tajribasini amalda qo‘llash masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.“O‘zbekenergo” davlat aksiyadorlik kompaniyasi Prezidentimiz Islom Karimovning 2010-yil 15-dekabrda qabul qilingan “2011-2015-yillarda O‘zbekiston Respublikasi sanoatini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida yoqilg‘i-energetika resurslaridan oqilona foydalanish samaradorligini oshirish, mamlakatimiz yoqilg‘i-energetika kompleksini diversifikatsiya qilish va foydalanilayotgan elektr energiyasi uchun to‘lov tizimini takomillashtirishga doir faol ish olib bormoqda.
Kompaniya raisining o‘rinbosari R.Raimovning ta’kidlashicha, mamlakatimiz energetika bazasini umumiy quvvati 12,5 million kilovatt bo‘lgan 39 elektr stansiyasi tashkil etadi. Ayni paytda investitsiya loyihalarini amalga oshirish hisobidan energetika tarmog‘i keng ko‘lamda modernizatsiya qilinmoqda.
“O‘zbekenergo” davlat aksiyadorlik kompaniyasi 28 yirik investitsiya loyihasini hayotga tatbiq etayotir. Jumladan, Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasining ikki energiya blokini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish eng yirik loyihalardan biridir. Bugungi kunda ushbu obyektda qurilish, ishga tushirish va sozlash ishlari yakunlandi. Yangi texnik yechimlar ushbu issiqlik elektr stansiyasi quvvatini 50 megavattga oshirish imkonini beradi.
Axborot-kommunikatsiya sohasida ham ikkita innovatsion loyihani amalga oshirish belgilangan. Toshkent shahri, Samarqand, Buxoro, Jizzax, Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida elektr energiyasi iste’molini nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish shular jumlasidandir.
“O‘zbekenergo” davlat aksiyadorlik kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytgacha Toshkent shahrida 90 mingdan ortiq elektron hisoblagich o‘rnatilgan. Mazkur hisoblagichlarni “Elektr hisobini yuritish” dasturiy majmuasiga integratsiyalashtirish ishlari nihoyasiga yetkazilmoqda. Buning samarasida iste’molchilar elektr energiyasi to‘lovini onlayn rejimida to‘lash, to‘langan pulning tushishini nazorat qilish, ta’mirlash ishlarini amalga oshirish bo‘yicha ariza va elektron so‘rovlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri kompaniyaga jo‘natish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Natijada poytaxtimizda aholi to‘lovlarining 70 foizidan ortig‘i real vaqt rejimida qabul qilinmoqda.
Tadbirda jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob qaytarildi.