35 yillik yo‘l: xalqaro maydondagi mustahkam mavqe va global tashabbuslar
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi — tarixan qisqa, biroq xalqimiz hayotida ulkan tub o‘zgarishlarga boy davr bo‘ldi. Shu yillar davomida mamlakatimiz davlatchilik asoslarini mustahkamlabgina qolmay, xalqaro hamjamiyatda munosib o‘rin egalladi hamda global siyosiy va huquqiy makonda o‘z ovoziga ega davlatga aylandi.
Bugun O‘zbekiston xalqaro maydonda faqat belgilangan qoidalarga rioya qiluvchi ishtirokchi emas, balki dolzarb global va mintaqaviy masalalar bo‘yicha samarali tashabbuslarni ilgari surayotgan, xalqaro hujjatlar qabul qilinishiga salmoqli hissa qo‘shayotgan faol sub’ekt sifatida e’tirof etilmoqda.
Mustaqillikdan xalqaro e’tirofgacha
Mustaqil davlat bo‘lish — avvalo, o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqiga ega bo‘lish demakdir. Biroq zamonaviy dunyoda davlatning to‘laqonli xalqaro sub’ekt sifatida shakllanishi xalqaro hamjamiyat bilan faol va ko‘p tomonlama munosabatlar o‘rnatishi bilan chambarchas bog‘liq.
1991-yil 31-avgustda O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi e’lon qilindi. 1992-yil 2-martda esa mamlakatimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo bo‘ldi. Bu tarixiy voqea Respublika statusini xalqaro huquqiy jihatdan mustahkamlab, BMT va uning ixtisoslashtirilgan muassasalari, shuningdek, xalqaro shartnomalar tizimida to‘laqonli ishtirok etish uchun keng imkoniyatlar ochib berdi.
Ilk yillar: mustahkam huquqiy poydevor

Mustaqillikning dastlabki yillarida yangi davlat oldida bir vaqtning o‘zida bir nechta strategik vazifalar turgan edi: suverenitetni mustahkamlash, xalqaro e’tirofga erishish, tashqi siyosatning huquqiy asoslarini yaratish va milliy qonunchilikni xalqaro standartlarga uyg‘unlashtirish.
1992–2016-yillar davri O‘zbekistonning xalqaro huquqiy sub’ektligi shakllangan hamda institutsional jihatdan mustahkamlangan bosqich bo‘ldi. Bu davrda xorijiy davlatlar bilan diplomatik aloqalar yo‘lga qo‘yildi, ko‘plab xalqaro tashkilotlar va shartnomalarga a’zo bo‘lindi.
Agar dastlabki bosqichda asosiy e’tibor xalqaro tizimga integratsiyalashuvga qaratilgan bo‘lsa, keyinchalik hamkorlik geostrategik darajaga ko‘tarildi. “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish natijasida diplomatik aloqalar o‘rnatilgan mamlakatlar soni 144 tadan 164 taga yetkazildi. 2026-yil aprel holatiga ko‘ra, O‘zbekiston 168 davlat bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatgan bo‘lib, bu BMTga a’zo mamlakatlarning qariyb 87 foizini tashkil etadi. Xorijdagi diplomatik vakolatxonalar tarmog‘i esa 56 taga yetdi.
2016-yildan keyin: yangi davr va tashabbuskorlik
So‘nggi yillarda O‘zbekistonning tashqi siyosatida ochiqlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli pragmatik hamkorlik tamoyillari ustuvor yo‘nalishga aylandi. Mamlakatimiz xalqaro munosabatlarda tashabbuskor sub’ekt sifatida namoyon bo‘la boshladi. Bu holat BMT Bosh Assambleyasi va uning tuzilmalari doirasida qabul qilingan rezolyutsiyalarda o‘z aksini topmoqda.
O‘zbekiston tashabbuslari — global kun tartibida
So‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan BMT doirasida bir qator muhim rezolyutsiyalar bir ovozdan qabul qilindi:
· 2018-yil 22-iyun: “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni berkitish” rezolyutsiyasi;
· 2018-yil dekabr: 2017-yilda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surilgan “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” maxsus rezolyutsiyasi;
· 2021-yil: Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risidagi maxsus rezolyutsiya (shu bilan birga BMTning Ko‘p sheriklik trast fondi tashkil etildi);
· 2021-yil oktabr: BMT Inson huquqlari kengashining COVID-19 pandemiyasining yoshlar huquqlariga ta’siriga bag‘ishlangan rezolyutsiyasi (37 davlat hammuallifligida);
· 2022-yil: “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik” maxsus rezolyutsiyasi;
· 2025-yil 29-aprel: 29-aprelni “Xalqaro zilzila qurbonlarini xotirlash kuni” deb e’lon qilish to‘g‘risidagi rezolyutsiya (80 dan ortiq davlat hammuallifligida);
· 2026-yil 24-iyul: Parlamentlarning ijtimoiy rivojlanishni jadallashtirishdagi rolini kuchaytirishga qaratilgan rezolyutsiya (61 davlat hammuallifligida).
Raqamlar va strategik istiqbol
Erishilgan natijalar nafaqat diplomatik statistikada, balki O‘zbekistonning global darajadagi siyosiy-huquqiy nufuzi oshganida namoyon bo‘lmoqda.
Shu bilan birga, ilgari surilgan xalqaro tashabbuslarni amaliyotga tatbiq etish, diplomatik vakolatxonalar faoliyati samaradorligini oshirish va milliy qonunchilikni xalqaro majburiyatlarga muvofiqlashtirish ustuvor vazifa bo‘lib qolmoqda. Davlatimiz rahbarining 2026-yil 16-fevraldagi PF-21-sonli Farmoni bilan «O‘zbekiston — 2030» strategiyasi yangilangan tahrirda va 2030-yilgacha bo‘lgan davr uchun tasdiqlandi. Hujjatda xalqaro munosabatlar va xalqaro huquq sohasini rivojlantirish alohida yo‘nalish sifatida belgilanishi mamlakatimizning tashqi siyosiy va huquqiy salohiyatini oshirishga qaratilgan uzoq muddatli maqsadlar mavjudligidan dalolat beradi.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, O‘zbekiston bugungi kunda xalqaro huquq normalariga qat’iy rioya qiluvchi, global va mintaqaviy muammolarni hal etishda faol ishtirok etayotgan va barqarorlikni ta’minlashga munosib hissa qo‘shayotgan ishonchli hamkordir.
Mahinnora MIRHAMIDOVA,
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti kafedra dotsenti