29 ta korxona birja savdosidan chetlatildi
Raqobat qo‘mitasi tomonidan ichki bozorda bug‘doy va un mahsulotlari narxlarini barqarorlashtirish maqsadida o‘tkazilgan monitoringlar qator qonunbuzilish holatlarini ochib berdi.
Amaldagi tartibga ko‘ra bug‘doy va un mahsulotlari faqat birja savdolari orqali sotilishi shart. Shuningdek, davlat resursi hisobidan xarid qilingan bug‘doydan ishlab chiqarilgan unni ham belgilangan hajmda birjaga chiqarish majburiy hisoblanadi.
Tekshiruvlar davomida ayrim korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan un mahsulotini birjaga chiqarmaslik holatlari aniqlandi.
Shunga ko‘ra, 2026-yil 3-apreldan boshlab 29 ta korxona qonunchilik talablarini buzgani uchun birja savdolaridan chetlashtirildi.
Qo‘mita shu bilan cheklanib qolmadi. Joriy yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra, birja orqali savdo qilish tartibiga rioya etmagan yana 25 ta un ishlab chiqaruvchi korxonaga nisbatan ish qo‘zg‘atildi va tegishli choralar ko‘rilmoqda.
Davlat resursi bug‘doyini xarid qilgan har bir korxona un mahsulotini belgilangan tartibda birja savdolariga chiqarishi shart. Qoidalar buzilsa, qat’iy choralar ko‘riladi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA