24 yil oldingi chiqindilar to‘g‘risidagi qonun nega yangilanyapti?
Bugungi kunda mamlakatimizdagi 11,3 ming gektarli 274 ta chiqindi poligonlarida 3,6 mlrd. tonnadan ortiq maishiy va sanoat chiqindilari ikkilamchi xomashyo sifatida saqlanyapti.
Ushbu chiqindilarni qayta ishlash va ikkilamchi mahsulotlar ishlab chiqarish mumkin. Agar shunday qilinsa, avvalo, ekologiyaga zarar keltiradigan chiqindilar kamayadi. Ikkinchidan esa yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi uchun qo‘shimcha daromad manbasiga ega bo‘lish mumkin.
Amaldagi “Chiqindilar to‘g‘risida”gi qonun bundan 24 yil oldin qabul qilingan bo‘lib, bugungi kun talablariga javob bermaydi, ilg‘or xorijiy tajriba va xalqaro hujjatlarda belgilangan vazifalarni to‘liq qamrab olmagan. Shuning uchun amaldagi qonunchilikni o‘zgartirish, zamon talabiga moslashtirish zaruriyati mavjud.
Shu maqsadda ishlab chiqilgan “Chiqindilar to‘g‘risida”gi qonun loyihasi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida qizg‘in muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, qonun loyihasida chiqindini boshqarish sohasida fuqarolar sog‘lig‘i, mol-mulki va atrof-muhit xavfsizligi, chiqindilar hosil bo‘lishining oldini olish va minimallashtirish, chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirishda jamoatchilik ishtiroki ustuvor tamoyillar sifatida belgilanmoqda.
Chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida vakolatli davlat organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa ishtirokchilarning vakolatlari belgilab berilmoqda.
Bundan tashqari, chiqindilarga nisbatan mulkiy munosabatlar, chiqindilarni tasniflash tizimini joriy etish, sohani iqtisodiy rag‘batlantirish masalalari ko‘zda tutilmoqda.
Bugungi kundagi eng dolzarb muammolardan bo‘lgan sanoat ob’ektlaridagi xavfli chiqindilar, tibbiyot va biologik chiqindilarni yig‘ish, zararsizlantirish, utilizatsiya qilish tizimini tashkil etish masalalariga ham alohida e’tibor qaratilgan.
So‘nggi yillarda yurtimizning barcha hududida qurilishlar avj olib borayotgan bir paytda qurilish chiqindilarini boshqarish masalasi ham loyihada o‘z aksini topmoqda. Shuningdek, chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash va ekologik talablarga rioya etmagan holda yoqishning oldini olish, sanitar tozalash korxonalari faoliyatini qonun darajasida tartibga solish belgilanmoqda.
Muhokamalarda fraksiya a’zolari partiya dasturiy vazifalaridan kelib chiqqan holda qonun loyihasining muhimligini ta’kidladilar. Loyihadagi normalar resurslardan samarali foydalanish, sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish hamda aholi uchun ekologik xavfsiz atrof-muhitni ta’minlashda alohida ahamiyat kasb etishini qayd etdilar.
Ta’kidlanganidek, ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi natijasida chiqindi sohasidagi munosabatlar tartibga solinadi, chiqindilarni qayta ishlash va utilizatsiya qilish tizimi rivojlantiriladi, hududlarning sanitariya va ekologik holati yaxshilanadi.
Muhtarama Komilova, O‘zA