238 ming dona psixotrop tabletka ushlandi...
“Sariosiyo” temir yoʻl chegara bojxona posti orqali mamlakatimiz hududidan oʻtayotgan yuk poyezdi tarkibidagi vagonda yirik miqdordagi psixotrop tabletka borligi aniqlandi.
“Sariosiyo” temir yoʻl chegara bojxona posti orqali mamlakatimiz hududidan oʻtayotgan yuk poyezdi tarkibidagi vagonda yirik miqdordagi psixotrop tabletka borligi aniqlandi.
Mazkur yuk poyezdi “Quduqli” temir yoʻl bekatiga kirib kelganida Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi, oʻz xavfsizlik guruhi va “Sariosiyo” temir yoʻl chegara bojxona posti xodimlari hamkorligida yurtimiz hududidan oʻtayotgan yuk vagonlari bojxona koʻrigidan oʻtkazildi. Natijada vagonlardan birida 11 ming 900 quti 238 ming dona “Sonlayf-Zopiklon 7,5 mg” nomli psixotrop tabletkani olib oʻtishga urinilgani fosh etildi.
– Barcha davlatlarda ham chegara orqali harakatlanishning tartib-qoidalari bor, – deydi viloyat bojxona boshqarmasi masʼul xodimi, bojxona katta leytenanti Shoxroʻz Oʻralov. – Unga qatʼiy rioya etish qonun bilan mustahkamlangan. Jumladan, mamlakatimiz hududidan psixotrop moddalarni tranzit olib oʻtishga tegishli qaror bilan belgilangan maxsus ruxsatnoma asosida ruxsat beriladi. Shunga muvofiq hujjatsiz psixotrop tabletkalar toʻxtatib qolindi.
Ayni paytda ushbu holat boʻyicha bojxona tekshiruvlari olib borilmoqda.