2026-yilgi paxta hosiliga tayyorgarlik ishlari qoniqarli tashkil etilyaptimi?
Joriy yil paxtachilik mavsumida respublika bo‘ylab chigit ekish ishlari uyushqoqlik va tizimli yondashuv asosida amalga oshirilmoqda. Hududlarda agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda yuqori hosildorlikka erishish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Shu bilan birga, jarayonlar mutasaddi tashkilotlar tomonidan doimiy nazorat va monitoring qilib borilmoqda.
Shu yil 135 ta paxta yetishtiruvchi tumanda 129 ta paxta-to‘qimachilik klasteri va 28 ming 128 ta fermer xo‘jaligi tomonidan 889,5 ming gektar maydonga chigit ekish belgilangan bo‘lib, bugungi kunda chigit ekish ishlari yakuniga yetkazilmoqda.
Shundan, 324,9 ming gektar maydonga xorij tajribasi asosida “Shinjon” usulida hamda 564,6 ming gektar maydonga oddiy usulda chigit ekilishi belgilanib, ekish ishlari “O‘zagroinspeksiya” tomonidan nazorat qilib borildi.
Chigit ekish tadbirlari soha olimlari hamda tajribali dehqonlarning bu yilgi bahorgi ob-havo sharoitlarida chigit ekish ishlarini maqbul muddatlarda sifatli o‘tkazish yuzasidan ishlab chiqilgan tavsiya va ko‘rsatmalari asosida tashkil etildi.
Bu yil paxtachilikda hosildorlik 50 sentnerga yetkazilishi rejalashtirilgan. Chigit ekish ishlariga 6 ming 208 ta seyalka jalb qilinib, mavsumda o‘rtacha har bir seyalkaga 140 gektar maydon to‘g‘ri keldi va ekish ishlari qisqa muddatlarda yakunlanishiga erishildi.
Hududlardagi chigit ekiladigan maydonlarda yerlarni ekishga sifatli tayyorlash, mineral o‘g‘itlar solish va chigit ekish ishlarini o‘z muddatida hamda sifatli amalga oshirilishi bo‘yicha olib borilgan nazorat tadbirlari davomida 6 ming 375 ta fermer xo‘jaliklarining 45,5 ming gektar g‘o‘za maydonlarida kamchiliklar aniqlanib, ushbu kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan “O‘zagroinspeksiya” vakolati doirasida tegishli ta’sir choralari ko‘rildi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA