2026-yil 1-oktabrga qadar “E-bozor” yagona raqamli bozor platformasi sinov tarzida, 2027-yil 1-martga qadar to‘liq amaliyotga joriy etiladi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Bozorlar va savdo komplekslarida raqamlashtirish ishlarini samarali tashkil etish hamda maishiy korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq:
Raqamlashtirish choralari ko‘riladigan bozorlar va savdo komplekslari ro‘yxati;
Bozorlar va savdo komplekslarini raqamlashtirish sxemasi;
Bozorlar va savdo komplekslarini raqamlashtirish hamda ularning infratuzilmasini yaxshilashning ustuvor yo‘nalishlari tasdiqlandi.
2026-yil 1-oktabrga qadar “Soliq” axborot tizimlari kompleksi tarkibida quyidagilarni nazarda tutuvchi “E-bozor” yagona raqamli bozor platformasi sinov tarzida, 2027-yil 1-martga qadar to‘liq amaliyotga joriy etiladi:
bozorlar va savdo komplekslari pasporti, manzili, bo‘sh savdo shoxobchalari va savdo o‘rinlari ochiq e’lon qilib borilishi;
aholini bozorlar va savdo komplekslari faoliyatiga oid ma’lumotlar bilan tanishtirish, bozor ma’muriyatiga elektron murojaat yo‘llash va javob olish imkoniyatlari.
Bozorlar va savdo komplekslarini raqamlashtirish, ularning infratuzilmasini yaxshilash bilan bog‘liq xarajatlar bozorlar va savdo komplekslari mablag‘lari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi.
Axborot tizimlari kiberxavfsizlik hamda davlat organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilish talablari asosida joriy etiladi.
2026-yil 1-dekabrga qadar “E-bozor” platformasiga bozorlar va savdo komplekslarida amalda joriy etilgan axborot tizimlari hamda Adliya vazirligi, Kadastr agentligi va boshqa manfaatdor idoralarning axborot tizimlari “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali integratsiya qilinadi.
“E-bozor” platformasini yaratish hamda davlat organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilish xarajatlari Soliq qo‘mitasining moddiy yordam, ijtimoiy himoya, soliq organlarini rivojlantirish va ko‘zda tutilmagan xarajatlar maxsus jamg‘armasi hisobidan amalga oshiriladi.
2026-yil 1-avgustga qadar “E-bozor” platformasi loyiha-texnik hujjatlarining ishlab chiqilishi hamda ekspertizadan o‘tkazilishi ta’minlanadi.
“Kiberxavfsizlik markazi” DM bilan birgalikda 2027-yil 1-fevralga qadar “E-bozor” platformasini loyiha-texnik hujjatlarga va kiberxavfsizlik talablariga muvofiqligi bo‘yicha ekspertizadan o‘tkaziladi.
Soliq qo‘mitasi “E-bozor” platformasining operatori hisoblanadi.
Soliq qo‘mitasi har bir bozor va savdo kompleksiga soliq xodimlarini biriktiradi va ularning faoliyati samaradorligini kunlik tahlil qilib boradi.
2026-yil 1-oktabrga qadar bozorlar va savdo komplekslari ixtisoslashuvi, ish tartibi, turg‘un savdo nuqtalari va savdo o‘rinlari soni va joylashuvi, ko‘rsatiladigan xizmatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar “E-bozor” platformasiga kiritiladi.
Bozor va savdo kompleksiga biriktirilgan soliq xodimlari “E-bozor” platformasida aks ettirilgan kunlik tushumlar haqqoniyligi joylarda doimiy ravishda monitoring qilib boriladi.
O‘zA