2026-yil 1-dekabrga qadar respublikada sotilayotgan neft va gaz mahsulotlarini onlayn nazorat qilish tizimi joriy etiladi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yoqilg‘i quyish shoxobchalari va gaz to‘ldirish inshootlarida avariya va noxush hodisalarning oldini olish va inson hayotiga xavf soluvchi omillarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2026-yil 1-dekabrga qadar respublikadagi neft va gaz mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi, import asosida olib keluvchi va avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarida sotayotgan neft va gaz mahsulotlarini onlayn nazorat qilish tizimini joriy etishni nazarda tutuvchi Hukumat qarori tayyorlanadi.
2026-yil 1-avgustga qadar respublikada faoliyat ko‘rsatayotgan avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchalari va avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarida avtobenzin mahsuloti va suyultirilgan gaz hisobi bo‘yicha bevosita tarqatish ustunlaridagi (“dispenserlar”) ma’lumotlarni real vaqt rejimida to‘plash va yuritish imkonini beruvchi axborot tizimi ishlab chiqiladi.
2026-yil 1-dekabrga qadar xorijiy tajriba asosida yangi qurilayotgan yoki qayta rekonstruksiya qilinayotgan xavfli ishlab chiqarish ob’ektlarida mavjud yer ustida suyultirilgan uglevodorod gazini saqlovchi, ortiqcha bosim ostida ishlaydigan sig‘imlar ikki devorli sig‘imlarga almashtiriladi, shuningdek, yer ustiga o‘rnatilgan sig‘imlarni bosqichma-bosqich yer ostiga o‘rnatish tartibini belgilovchi shaharsozlik normalari va qoidalariga zarur o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilib, amaliyotga joriy etiladi.
Yoqilg‘i quyish shoxobchalar va gaz to‘ldirish inshootlari joylashgan hududlarning himoya maydonlari atrofida qonunchilik hujjatlari, shaharsozlik normalari va qoidalarida belgilangan talablarga muvofiq bo‘lmagan ob’ektlar qurilishi uchun yer uchastkalari ajratilmaydi.
2026-yil 1-sentabrga qadar insonlar hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘diradigan, jamoat xavfsizligi va atrof-muhitni muhofaza qilish, sanoat va yong‘in xavfsizligi hamda shaharsozlik normalari va qoidalariga, shu jumladan, belgilangan muhofaza zonalari talablariga javob bermaydigan yoqilg‘i quyish shoxobchalari va gaz to‘ldirish inshootlari reyestri shakllantiriladi hamda ularni bosqichma-bosqich xavfsiz hududlarga ko‘chirish yuzasidan chora-tadbirlar ishlab chiqiladi. Bunda:
yoqilg‘i quyish shoxobchalari va gaz to‘ldirish inshootlari ko‘chirilgan taqdirda, mazkur yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlari tadbirkorlik sub’ektlari ixtiyoriga qoldiriladi;
faqat AGTKSHlar xavfsiz hududlarga ko‘chirilgan taqdirda, qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ularga, istisno tariqasida, gaz tarmoqlariga ulanishga texnik shartlar rasmiylashtirib beriladi.
2026-yil 1-sentabrga qadar Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi hamda Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi uchun barcha turdagi shoxobchalarda qo‘llanilayotgan o‘lchov vositalarini metrologik qiyoslash muddatlarini nazorat qilish maqsadida Texnik tartibga solish milliy axborot tizimidan (TRIS) foydalanish imkoniyati yaratiladi.
2026-yil 1-avgustga qadar birja savdolarining elektron tizimini “Litsenziya” axborot tizimlari majmuasi bilan integratsiya qilish orqali alohida birja savdo seksiyalarida suyultirilgan gazni xarid qilish uchun faqatgina suyultirilgan gazni sotishga tegishli litsenziyasi mavjud bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar ishtirok etish tizimi joriy etiladi. Bunda alohida birja savdo seksiyalarida suyultirilgan gazni xarid qilish uchun litsenziyalanadigan faoliyat turi bilan shug‘ullanmaydigan, texnologik ishlab chiqarish va o‘z ehtiyojlari uchun suyultirilgan gazdan foydalanuvchi suyultirilgan gazni qabul qilish, saqlash va tarqatish uchun moddiy-texnik bazaga ega bo‘lgan tegishli xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan alohida birja savdo seksiyalarida suyultirilgan gazni xarid qilinishi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan taqdim etiladigan ro‘yxatga muvofiq amalga oshiriladi.
O‘zA