2 ming 620 ta mahalla “yoshlar ishsizligidan xoli hudud”ga aylandi
Mavjud qonunchilikka ko‘ra, 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan shaxslar yoshlar toifasiga kiradi. Bu yoshda, qoida tariqasida, mamlakat yoshlari umumta’lim maktablari va oliy o‘quv yurtlarida tahsil oladi. Mehnat bozoriga har yili 600 mingga yaqin yosh kirib keladi. Yoshlarni qiynayotgan asosiy muammolardan biri ishsizlikdir.
Yoshlar siyosati va sport vazirligi departament rahbari Azim Xolmahmatov ma’lumotlariga ko‘ra, mehnat bozoriga kirib keladigan 467 ming nafar (shundan, maktab bitiruvchilari 230 ming nafar) yoshlar bandligini ta’minlash dasturi amalga oshirilmoqda. Xususan, joriy yilda 236 ming 120 nafar ishsiz yoshlar va 189 ming 85 nafar maktab bitiruvchisining bandligi ta’minlangan.
Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida 150 ming nafar yoshlarga 3,2 trillon so‘m imtiyozli kredit ajratildi, 163 ming nafar yoshlarga dehqonchilik uchun 67 ming gektar ekin maydonlari berildi, 662 ming nafar yoshlar o‘zini o‘zi band qilishiga ko‘maklashildi, 56 ming nafar yoshlar kasb-hunarga o‘qitilib, bandligi ta’minlandi. Natijada, 2 ming 620 ta mahalla “yoshlar ishsizligidan xoli hudud”ga aylandi.
Respublikada maktab, kollej, texnikum va oliygohlarda bilim olayotgan, o‘z shaxsiy ishini ochib, tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan, Qurolli Kuchlar safida yigitlik burchini sharaf bilan ado etayotgan, ishlab chiqarish, qurilish, ilm-fan, ta’lim, tibbiyot, madaniyat, adabiyot va san’at, sport sohalariga, zamonaviy IT-texnologiyalari yo‘nalishlariga dadil kirib borayotgan 18 milliondan ziyod o‘g‘il-qizlar istiqomat qiladi.
Berilgan imkoniyatlar tufayli arxitektura, dasturlash va dizayn yo‘nalishida tahsil olgan yoshlarning o‘rtacha daromadi oyiga 7 million so‘mni hamda ekin maydonlari ajratilgan yoshlarning mavsumiy o‘rtacha daromadi 10 million so‘mni tashkil etmoqda.
Soha vakilining ma’lum qilishicha, band bo‘lmagan 17,5 ming nafar yoshlar ilm-fan, zamonaviy kasblar va haydovchilikka o‘qitilib, ularga 26 milliard so‘m o‘quv xarajatlari to‘lab berilgan. Ishsiz bo‘lgan 18,5 ming nafar yoshlarga 60 milliard so‘mlik mehnat qurollari ajratilib, mahallaning o‘zida bandligi ta’minlanishiga erishilgan, oliygohlarda tahsil olayotgan 52 ming nafar talabaga 163 milliard so‘mlik kontrakt mablag‘i qoplab berilgan.
“Yoshlar balansi” asosida 396 ming nafar “og‘ir” toifadagi yoshlar 6 ming 755 nafar rahbarlarga nomma-nom biriktirilib, amaliy choralar natijasida ularning 331 ming nafari “yashil” toifaga o‘tkazilgan. 93 ming 983 nafarining bandligi ta’minlangan, 56 ming 426 nafari kasb-hunarga o‘qitilgan, 180 ming 591 nafariga turli ijtimoiy-iqtisodiy ko‘mak ko‘rsatilgan.
2024 yilda har bir hudud, vazirlik va idoralar tizimida yoshlar bilan ishlash bo‘yicha yangicha yondashuv joriy etiladi. Yoshlar yetakchisi tavsiyasi bilan beriladigan yordam turlari transformatsiya qilinib, asosiy e’tibor ularni zamonaviy kasb-hunarga o‘rgatishga qaratiladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA