1989-yildan buyon mamlakat aholisi qariyb ikki baravarga oshgan
Mamlakatimizda ilk bor — 2026-yil 15-yanvardan 28-fevralga qadar aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkazilgan edi.
Ushbu jarayon rasmiy statistikaning eng muhim manbalaridan biri bo‘lib, aholi soni, uning yosh va oilaviy tarkibi, ta’lim darajasi, bandligi, migratsiyasi, uy-joy sharoitlari hamda boshqa demografik va ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlar to‘g‘risida kompleks ma’lumotlarni taqdim etadi. Qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish natijalari bilan birgalikda ushbu ma’lumotlar davlat siyosatini takomillashtirish, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, davlat xizmatlari sifatini oshirish hamda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun mustahkam dalillar bazasini yaratadi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston aholisi soni 39 million 47 ming 321 nafarni tashkil etdi, bu esa joriy statistik hisob-kitoblarga nisbatan qariyb 810 ming nafarga ko‘p demakdir. 1989-yilda o‘tkazilgan so‘nggi aholini ro‘yxatga olish natijalari bilan taqqoslaganda, mamlakat aholisi qariyb ikki baravarga oshgan. Shuningdek, ro‘yxatga olish jarayonida O‘zbekistonda bir yildan ortiq muddat yashab kelayotgan 56,9 ming nafar xorijiy fuqaro ham ro‘yxatga olindi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan «O‘zbekistonda 2026-yilgi aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishning dastlabki natijalari» mavzuidagi xalqaro konferensiyada ro‘yxatga olishning dastlabki natijalari hamda olingan ma’lumotlardan davlat siyosati va rivojlanish dasturlarini ishlab chiqishda foydalanish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish natijalari aholining haqiqiy ehtiyojlari va hududlarning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda qonunlar va davlat dasturlarini ishlab chiqish uchun mustahkam asos yaratadi. Aynan shunday ma’lumotlar mamlakatning uzoq muddatli barqaror rivojlanishi va fuqarolar farovonligini oshirishga qaratilgan qarorlarni qabul qilish imkonini beradi.
Tadbirda Milliy statistika qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Zohidjon Ziyayev ro‘yxatga olish tadbiri davomida olingan har bir raqam davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, ijtimoiy siyosatni takomillashtirish va hududlarni yanada samarali rivojlantirish rejalarini ishlab chiqishga xizmat qilishini alohida qayd etdi.
Darhaqiqat, ro‘yxatga olishning dastlabki natijalaridan olingan ma’lumotlar demografik o‘zgarishlarni yanada aniq prognoz qilish, aholining turli qatlamlari ehtiyojlarini hisobga olish hamda dalillarga asoslangan davlat siyosatini shakllantirish imkonini beradi.
M.Komilova, O‘zA