160 fuqaro tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi
Bu esa mazkur yoʻnalishdagi ishlar samaradorligini yana-da oshirishga xizmat qiladi.
Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish, tibbiy xizmat sifatini oshirish boʻyicha islohotlarni ham qatʼiyat bilan davom ettirish fikrini ilgari surdi. Bu esa mazkur yoʻnalishdagi ishlar samaradorligini yana-da oshirishga xizmat qiladi.
Aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirish Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi saylovoldi dasturida belgilangan muhim vazifalardan biridir. Ana shundan kelib chiqib, partiyaning Andijon viloyati kengashi tomonidan Andijon tumanidagi Xakan qishlogʻida “Sogʻlom oila – sogʻlom jamiyat” shiori ostida aksiya oʻtkazildi. Aksiya doirasida 160 fuqaro chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi.
Viloyatdagi qator tibbiy muassasalarning malakali shifokorlari ishtirokida oʻtkazilgan tekshiruv davomida turli xastaliklari borligi aniqlanib, davolanishga muhtoj boʻlgan 14 keksa hamda 17 ijtimoiy himoyaga muhtoj, qiyin sharoitlarda yashayotgan fuqaroga davolanishi uchun viloyatdagi qator tibbiyot muassasalariga yoʻllanmalar berildi.
– Partiya tomonidan tashkil etilgan ushbu aksiya koʻplab odamlarga salomatlik ulashmoqda, – deydi Xakan mahallasida yashovchi mehnat faxriysi Inobatxon Hamroqulova. – Qolaversa, xasta, lekin davolanishga imkoni boʻlmagan bir guruh hamqishloqlarimizning muammosini hal etishga yordam berdi. Endi ular yoʻllanma asosida tibbiyot muassasalarida oʻz salomatliklarini tiklashlari mumkin.
Aksiya doirasida shifokorlar mahallalardagi xonadonlarda boʻlib, sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, fuqarolarning tibbiy savodxonligini oshirish boʻyicha suhbatlar oʻtkazdi, targʻibot-tushuntirish ishlarini olib bordi.