159-avtobus yo‘nalishidagi muammo qachon bartaraf etiladi?
Ko‘pchiligimiz biror bir manzilga yetib borish uchun jamoat transportidan foydalanamiz. Uzog‘imizni yaqin, og‘irimizni yengil qiluvchi ushbu muhim ijtimoiy xizmatsiz hayotimizni tasavvur qilish qiyin. Keyingi yillarda jamoat transporti tizimini rivojlantirish, yo‘lovchi tashish sifatini yaxshilash borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishda davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan bir qator farmon va qarorlar muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar natijasida joylarda qo‘shimcha jamoat transporti yo‘nalishlari ishga tushirilib, mavjud avtobuslar modernizatsiya qilindi. Yo‘nalishlarda avtobuslar soni ko‘paytirilib, yo‘lovchilarga qulay sharoitlar yaratildi.
Aholi uchun bunday qulayliklar yaratilayotgan bir paytda Agentligimizga Toshkent viloyati Qibray tumani Haydarobod mahallasi fuqarolaridan kelib tushgan murojaat ochig‘i bizni, ajablantirdi.

Murojaatning mazmuni quyidagicha:
“Hududimizga “Navro‘z bozori – Uchxoz” yo‘nalishida 159-raqamli avtobus qatnaydi. Avtomobil yo‘lida ta’mirlash ishlari olib borilgani sababli avvaliga mazkur avtobus harakatining yo‘nalishi o‘zgardi, so‘ng avtobuslar soni kamaydi. Ma’lum bir vaqt yo‘nalishda jamoat transporti harakati tamomila to‘xtatildi ham. Oxirgi ikki oy davomida esa yo‘nalishda atigi ikkita, ba’zi kunlarda esa bitta avtobus qatnamoqda. Muammoning yana bir tomoni kechki soat 20:00 dan keyin yo‘nalishdagi avtobuslarni topish amri mahol.
Bu hol aholi, ayniqsa, ishga, o‘qishga qatnaydigan fuqarolarga qiyinchilik tug‘dirayotir. Yozning jazirama kunlarida bekatda soatlab avtobus kutishga majbur bo‘lyapmiz. Vaholanki, mahallada istiqomat qilayotgan 4 mingga yaqin aholining ko‘pchilik qismi shaharda ishlaydi. Boisi, hududda korxona va tashkilotlar sanoqli. Transport muammosi biz, ayniqsa, ishchi-xizmatchilarning ishga surunkali ravishda kechikib borishimizga sabab bo‘lmoqda. Shuningdek, ko‘pchilik oilalar farzandlarini yozgi ta’tilda bo‘sh vaqtini samarali tashkil etish, bilim va kasb-hunarga o‘rgatish maqsadida o‘quv kurslariga bergan. Ushbu o‘quv kurslari ham hududdan uzoqda bo‘lgani bois, u yerga qatnash muammo bo‘lmoqda.
Shu bois, ushbu yo‘nalishni bekor qilib, hududimizga metroga qatnovchi transport quyilsa yaxshi bo‘lar edi. Sababi, ko‘pchilik ishga 2 yoki 3 ta, ba’zilar 4 tagacha transport almashtirib qatnaydi. Bu ham vaqtdan ham iqtisodiy tomonidan qiynalishimizga sabab bo‘lmoqda".

Fuqarolar ushbu muammo yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligiga, Toshkent shahar transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasiga ko‘p bora murojaat qilganini bildirdi. Ularga javoban, “2-Avtobus saroyi”dagi avtobuslarning barchasi nosoz holda ekanligi, ehtiyot qismlari yo‘qligi, korxona tasarrufida yetarlicha transport vositasi mavjud emasligi ma’lum qilingan. “2-Avtobus saroyi” filiali rahbariyati avtobuslardagi nosozliklarni bartaraf etish choralarini ko‘rayotgani va qisqa muddat ichida muammoni bartaraf etish, avtobus yo‘nalishining jadvallar sonini ko‘paytirishni bildirgan.
Ta’kidlash joiz, mazkur avtobus yo‘nalishi bo‘yicha ish kunlari 5 ta, shanba 4 ta va yakshanba kunlari 3 ta “SAZ LE-60” rusumli avtobuslar harakati belgilangan. Yo‘nalishdagi avtobuslarning tig‘iz soatlarda harakatlanish vaqti esa 12-13 daqiqa etib ko‘rsatilgan.
Sir emas yaqin o‘tmishda transport masalasiga hozirdagidek e’tibor qaratilmagan. Yo‘nalishlarda avtobuslar soni kam, ular orasidagi oraliq intervallar juda uzoq bo‘lar edi. Esimda, singlim bilan uyimizdan 4-5 kilometr uzoqlikda joylashgan musiqa maktabiga qatnash uchun hududdan o‘tuvchi yagona “Laz” rusumli avtobusni soatlab kutar edik. Hatto, charchab bekatda uxlab qolgan paytlarimiz ham bo‘lgan. Yarim egilgan holda yetib kelgan tirband avtobusga konduktor yordamida arang chiqib olar edik. Hozir sharoit boshqa, bekatlarda turli yo‘nalishlarga qatnovchi avtobuslar keti uzilmaydi, nari borsa 7-8 daqiqa kutasiz, GPS tizimi orqali sizga kerakli transport harakatini onlayn kuzatish imkoniyati ham mavjud. Avtobuslarda zamonaviy sharoitlar yaratilgan, yozda salqin, qishda issiqqina salonda manzilga yetib olasiz.
Shunday ekan, yuqorida murojaat yo‘llagan aholining muammosini mutasaddilar atroflicha o‘rganib, hal etsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
Xo‘sh, mas’ullar va’da qilgan o‘sha qisqa muddat yana qancha davom etadi? Natija kutib qolamiz.
Kamola YUSUPOVA,
O‘zA muxbiri