150 o‘rinli zamonaviy bog‘cha foydalanishga topshirildi
Guliston shahri Namuna mahallasida joylashgan 1-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti kapital ta’mirdan chiqarilib, zamonaviy ko‘rinishda foydalanishga topshirildi.
1978-yilda qurilgan mazkur bino davlatimiz rahbari tomonidan Sirdaryo viloyati infratuzilmasini yaxshilashga qaratilgan qaror asosida to‘liq rekonstruksiya qilindi. Qurilish-ta’mirlash ishlari “Doniyor usta Ali hamkor” MCHJ tomonidan amalga oshirilib, loyihaning umumiy qiymati 4,6 milliard so‘mni tashkil etdi. Natijada muassasaning quvvati 90 o‘rindan 150 o‘ringacha oshirildi.
Yangilangan bog‘chada bolalar uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Zamonaviy jihozlangan guruh xonalari, o‘yin va mashg‘ulot maydonchalari, o‘quv-tarbiya jarayoni uchun qulay muhit shakllantirilgan. Muassasada 5 ta guruh faoliyat yuritib, bolalarning har tomonlama rivojlanishiga qaratilgan mashg‘ulotlar tashkil etilgan.
Xususan, mental arifmetika, gimnastika kabi zamonaviy mashg‘ulotlar bilan bir qatorda, qizlar uchun “Zumradoylar”, o‘g‘il bolalar uchun esa karate to‘garaklari yo‘lga qo‘yilgan.
Muassasada jami 13 nafar xodim faoliyat yuritib, ularning barchasi oliy ma’lumotli pedagog mutaxassislar hisoblanadi. Jumladan, 6 nafar tarbiyachi bolalar ta’lim-tarbiyasi bilan shug‘ullanmoqda.
– Ilgari bino eskiligi sababli guruh xonalari tor, isitish va jihozlash tizimi talab darajasida emas edi. Qayta ta’mirlashdan so‘ng bog‘chamiz mutlaqo yangi qiyofaga kirdi. Hozir keng va yorug‘ xonalar, zamonaviy mebellar, qulay o‘yin va mashg‘ulot maydonchalari bolalarimiz xizmatida. Eng muhimi, quvvatimiz 90 o‘rindan 150 o‘ringacha oshirilib, yanada ko‘proq bolajonlarni qamrab olish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Shuningdek, mental arifmetika, gimnastika, karate kabi qo‘shimcha to‘garaklar yo‘lga qo‘yildi. Bu esa bolalarning har tomonlama rivojlanishiga xizmat qilmoqda, — deydi muassasa rahbari Yulduz Umirova.
[gallery-29128]
Tantanali ochilish marosimida Sirdaryo viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Mahmud Mamarasulov, mahalla raisi, faollar va ota-onalar ishtirok etib, yangi bog‘chaning foydalanishga topshirilishi hududda maktabgacha ta’lim qamrovini kengaytirishda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladilar.
Yangi qiyofadagi ushbu muassasa bolajonlar uchun zamonaviy va xavfsiz ta’lim muhitini ta’minlab, ularning barkamol kamol topishiga xizmat qilishi. shubhasiz.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat), O‘zA