15 yoshli vunderkind ikkinchi doktorlik darajasini oldi
Belgiyada istiqomat qiluvchi iqtidorli o‘smir Loran Simons atigi 15 yoshida ikkinchi doktorlik darajasini qo‘lga kiritdi. Bu haqda Bild nashri xabar berdi. U ilk bor doktorlik dissertatsiyasini 12 yoshida muvaffaqiyatli himoya qilgan edi.
Ma’lum qilinishicha, Loran sakkiz yoshida maktab attestatini olgan, 11 yoshida esa magistratura bosqichini tamomlagan. Hozirda u Germaniyaning Myunxen shahridagi Gelmgolts markazida uchinchi ilmiy darajasi ustida ishlamoqda. Tadqiqotlari tibbiyot va sun’iy intellekt uyg‘unligiga bag‘ishlangan.
Uning so‘nggi dissertatsiyasi nazariy kvant fizikasiga oid bo‘lsa, avvalgi ilmiy ishi eksperimental fizika yo‘nalishida bo‘lgan. Loranning ta’kidlashicha, fotografik xotira va murakkab jarayonlar o‘rtasidagi bog‘liqlikni tez aniqlash qobiliyati unga ilmiy faoliyatida katta yordam beradi.
Ota-onasining aytishicha, Loranning noyob iqtidori juda erta namoyon bo‘lgan. U to‘rt yoshida maktabga borgan, olti yoshida gimnaziyaga qabul qilingan, to‘qqiz yoshida esa universitet talabasi bo‘lgan. 12 yoshida u Maks Plank instituti tarixidagi eng yosh doktorantlardan biri sifatida tanilgan.
Bugunga kelib, Loran Simons Rim papasi bilan uchrashgan, Nobel mukofoti sovrindorlari bilan muloqot qilgan hamda dunyoning yetakchi ilmiy markazlarida ma’ruzalar o‘qigan.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/QI6Vc3EOs8U?si=TMQaMOpcxuNvO6RY" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Madinabonu Nasriyeva, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA