12 nafar ishsiz otalar ishli bo‘ldi
Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Chust tumani bo‘limi va tuman prokuraturasi hamkorligida aliment bilan bog‘liq hujjatlar ijrosini ta’minlash maqsadida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, uzoq vaqtdan beri turli sabablar bilan aliment to‘lamayotgan ishsiz fuqarolarning bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Muntazam ravishda o‘tkazib kelinayotgan ish bilan band bo‘lmagan aliment to‘lovchilar uchun mehnat yarmarkasining bu galgisi bevosita tumandagi yirik sanoat korxonasida tashkil etildi.

–Avvalo, mehnat yarmarkasini tashkil etishdan oldin davlat ijrochilarimiz “mahallabay” o‘rganishlar orqali ishsiz aliment to‘lovchilarning muammolarini o‘rgandi. Shundan so‘ng, ularni bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasiga taklif etdik, – deydi Majburiy ijro byurosi Chust tumani bo‘limi boshlig‘i Ulug‘bek Abdurahmonov. – Mehnat yaramarkasida dastavval 47 nafar ishsiz fuqaro “Taichang Steel Spesial” mas’uliyati cheklangan jamiyati hamda “Factore Cement” korxonasi faoliyati, u yerda ishchilar uchun yaratilgan sharoitlar, mehnat jarayonlari bilan tanishdi.

Yarmarka davomida korxona mas’ullari tomonidan faoliyat, ishlab chiqarish quvvatlari, oylik maoshlar va albatta bo‘sh ish o‘rinlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Buning natijasida tadbir yakunida 12 nafar ishsiz aliment to‘lovchi korxonalarda ishlash istagini bildirdi va ular ish joylari uchun yo‘llanma oldi.
Ma’lumot o‘rnida, MIB Chust tumani bo‘limi sa’y-harakati bilan joriy yilning o‘tgan davrida aynan ishsiz bo‘lgan 112 nafar aliment to‘lovchini turli korxona va tashkilotlarga va mavsumiy ishlarga qabul qilinishiga ko‘maklashilgan.
Oqilxon Dadaboyev,
O‘zA