106 yoshli momo shukronasi
Navoiy viloyati Xatirchi tumanilik Malika Tojiyevaning xonadoni har qachongidanda gavjum. Davlatimiz rahbarining farmoniga koʻra, 106 yoshli momo “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.
Navoiy viloyati Xatirchi tumanilik Malika Tojiyevaning xonadoni har qachongidanda gavjum. Davlatimiz rahbarining farmoniga koʻra, 106 yoshli momo “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.
Navoiy viloyati hokimi Qobul Tursunov yuksak mukofotni Prezidentimiz nomidan topshirar ekan, Malika momo dorilomon kunlarga yetkazganiga shukr aytib, yurtboshimizning eʼtibor va gʻamxoʻrligidan suyundi.
Momo hayotning ogʻir mashaqqatlarini kuchli irodasi bilan yengdi. Ikkinchi jahon urushi davrida front ortida mehnat qildi. 9 nafar farzandini tarbiyalab, voyaga yetkazdi. Bugun farzandlari, 35 nafar nevarasi, 65 nafar chevarasi hamda 6 nafar evarasi qurshovida eʼzoz, eʼtiborda yashamoqda.
Garchand 106 yoshni qarshilagan boʻlsada, momo hali tetik. Mahalladoshlar bilan bir yerda jam boʻlsa, farovon kunlarning shukronasidan, tinch kunlarning qadridan soʻzlaydi.
– Farovon kunlar, toʻkinchilikda yashashni orzu qilib, nihoyat shu damlarni koʻrdik, – deydi Malika momo. – Ikkinchi jahon urushi dahshatlarini ilohim hech kim koʻrmasin. Bugun bolalarim, nevara, chevaralarimni koʻrib, toʻkin, baxtli hayotdan quvonaman. Yurtboshimizning meni yuksak mukofot bilan taqdirlaganini eshitib, xursand boʻldim. Biz, keksalarga qaratayotgan ulkan eʼtibori va gʻamxoʻrligidan minnatdorman. Yurtimiz doimo tinch, hayotimiz toʻkin-sochin, Yurtboshimiz sogʻ-omon boʻlsin!