105 ta xonadonda yashovchi aholi ilk marta toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi
Mamlakatimizning yangi rivojlanish bosqichida barcha sohalar qatori aholi foydalanadigan ichimlik suvi sifatini yaxshilash va u bilan ta’minlanganlik darajasini oshirishga katta e’tibor qaratilmoqda.
--Ayni paytda aholining ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi 94 foizni tashkil etmoqda,--deydi “Buxoro suv ta’minoti” AJ Qorako‘l tumani filiali rahbari Zufar Aminov.--Joriy yil tumanda loyihalashtirilgan va qiymati 81 milliard so‘m bo‘lgan 81 kilometr ichimlik suvi tarmoqlarini tortish, shuningdek, 2 ta suv inshootini rekonstruksiya qilish hamda yangidan 4 ta suv minorasini qurish ishlari rejalashtirilgan va bu yumushlar jadal davom etmoqda.

Tumanning Qorako‘l mahallasiga qarashli “Quyoshli Yurt”, “Daryobo‘yi” hamda “O‘tiq Do‘rman” aholi punktlari ham hozirgacha toza ichimlik suvi yetib bormagan hududlardan sanalib, bu yerda yashovchilarning asosiy ehtiyoji toza ichimlik suvi edi.
Yurtimiz bo‘ylab mamlakatimiz mustaqilligining 33 yillik shodiyonasi keng nishonlanayotgan ayni kunlarda ushbu qishloqlarda yashovchi tumandoshlarimiz bu yilgi bayramni qo‘shaloq tarzda nishonlaydigan bo‘ldi.
Sababi bayram arafasida har uchala aholi punktiga 950 million so‘m mablag‘ evaziga qariyb 1 kilometr toza ichimlik suvi tarmog‘i tortildi. Natijada 105 ta xonadonda yashovchi 400 dan ortiq aholi ilk marta toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi.
--Endi bizda avvalgidek uzoqlardan toza ichimlik suvi tashib kelish mashaqqati bo‘lmaydi,--deydi mahalla nuroniysi Odil Jo‘rayev.--Mana shunday “Inson qadri uchun” degan ezgu g‘oyaga asoslangan xayrli ishlarning boshida turgan Prezidentimizga minnatdorchilik bildiramiz.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri