10 yillik do‘stlik yo‘li – Qardoshlikdan ittifoqchilikkacha
Bugun Ozarbayjonning yetakchi davlat axborot agentligi – AzerTAJ rasmiy veb-saytida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi Bosh direktori Abdusaid Ko‘chimovning ikki davlat o‘rtasidagi asriy teran ildizlarga tayangan yaqin hamkorlik tarixi va buguni muxtasar tavsiflangan maqolasi e’lon qilindi:
O‘tmish – bugunning poydevori
Ikki guhar o‘rni bo‘ldi bir durj,
Ikki quyosh avji bo‘ldi bir burj,
Bir sog‘ar aro tushub iki mul,
Bir g‘uncha aro butub iki gul.
Hazrat Navoiyning ushbu satrlari o‘zbek va ozar xalqlari birodarligi tarixi va bugungi kunini ifodalash uchun juda mos, nazarimizda. Zero, yagona ildiz, azaliy do‘stlik, umumiy ma’naviy merosga ega ellarimiz bugun hamumumiy taraqqiyot sari ishonch bilan odimlamoqda.
Tarix zarvaraqlari bu ikki xalqning tili, an’ana va urf-odatlari bir-biriga nechog‘li yaqinligidan guvohlik beradi. Masalan, XI-XIV asrlar oralig‘ida hukmronlik qilgan Saljuqiylar saltanatida hozirgi Ozarbayjon va O‘zbekistonning salmoqli hududi bir davlat tarkibiga kirgan.
Temuriylar davrida bir-biriga yanada yaqinlashgan bu ikki xalq orasida quda-andachilik munosabatlari yo‘lga qo‘yilgani, ayrim temuriy shahzodalarga ozarbayjonlik mudarrislar ustozlik qilgani ham ma’lum.
O‘zbek generali Sobir Rahimov Bokuda tahsil olgan, Samad Vurg‘un va Abdulla Oripov har ikki elning “o‘z shoiri”ga, Maqsud Shayxzoda esa “o‘zbek farzandi”ga aylangan. Bunday misollar sanoqsiz...
Alhol, O‘zbekiston – Ozarbayjon munosabatlari bugun misli ko‘rilmagan yuqori cho‘qqiga ko‘tarilgani mutlaqo tasodif emas. Illo, oxirgi 10 yilni ozar-o‘zbek do‘stligi kitobining toj sahifalari, desak hecham mubolag‘a bo‘lmas...
Yuksak manzillar sari...
2016-yil O‘zbekiston tashqi siyosatida burilish nuqtasi bo‘ldi – Toshkent tashqi siyosiy faollikni keskin oshirdi. Markaziy Osiyo, Kavkaz va turkiy dunyo bilan munosabatlarni qayta tiklash va chuqurlashtirish esa mamlakat yangi tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Ana shu jarayonda Ozarbayjon bilan munosabatlar alohida ahamiyat kasb etib, ikki tomonlama diplomatik aloqalar mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi.
Avvallari O‘zbekiston – Ozarbayjon munosabati sovuq yoki ziddiyatli bo‘lmasa-da, o‘zaro aloqalarga yuqori darajadagi strategik sur’at yetishmasdi. Ikki davlat o‘rtasida tarix, madaniyat va til yaqinligi mavjud o‘laroq, siyosiy muloqot cheklangan, iqtisodiy ayirboshlash past darajada edi. Ayniqsa, transport-logistika, energetika va mintaqaviy kooperatsiya kabi sohalarda ulkan salohiyat amaliy natijaga aylanmagan. Aynan shunday murakkab bir vaziyatda Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyevning siyosiy irodasi va qat’iy intilishlari, ta’bir joiz bo‘lsa, “muzlagan imkoniyatlar”ni harakatga keltirdi.
Toshkent va Boku yaqinlashuviga bir necha omil turtki berdi. Birinchidan, har ikki davlat tashqi siyosatda ko‘p qirrali yondashuvni tanladi. Ikkinchidan, turkiy davlatlar o‘rtasida integratsiya jarayoni kuchaydi. Uchinchidan, Rossiya – G‘arb qarama-qarshiligi kuchayib borayotgan sharoitda Markaziy Osiyo va Kavkazni bog‘lovchi yangi tranzit yo‘laklariga ehtiyoj ortdi. Shu nuqtai nazardan O‘zbekiston va Ozarbayjon geografik jihatdan bir-birini to‘ldiruvchi davlatlarga aylandi.
2017-2018-yillardan boshlab ikki davlat rahbarlari o‘rtasida muntazam siyosiy muloqot shakllandi. Oliy darajadagi tashriflar faqat ramziy diplomatik tadbirlar bo‘lib qolmadi, balki aniq iqtisodiy va infratuzilmaviy loyihalar bilan to‘ldirildi. Natijada munosabatlar deklarativ formatdan amaliy strategik sheriklik bosqichiga ko‘chdi.
Muhim jihat shundaki, O‘zbekiston Ozarbayjonni nafaqat Kavkaz davlati, balki Markaziy Osiyoni jahon bozorlariga bog‘lovchi geostrategik ko‘prik sifatida ko‘ra boshladi. Ayniqsa, Kaspiy orqali Yevropa yo‘nalishiga chiqish masalasi Toshkent uchun ustuvor ahamiyat kasb etdi. Bu esa Bokuning transport-logistika markazi sifatidagi rolini kuchaytirdi.
So‘nggi yillarda “O‘rta yo‘lak” deb ataluvchi Trans-Kaspiy xalqaro transport yo‘lagi ikki davlat munosabatlarining muhim geoiqtisodiy ustuniga aylandi. Xitoy – Markaziy Osiyo – Kavkaz – Yevropa yo‘nalishi orqali tovar aylanmasini oshirish rejasi Toshkent va Boku manfaatlarini bir nuqtada birlashtirdi. Rossiya orqali o‘tuvchi an’anaviy yo‘nalishlarga muqobil transport tarmog‘iga ehtiyoj kuchaygani sari O‘zbekiston uchun Ozarbayjonning ahamiyati yanada ortdi.
Iqtisodiy raqamlar ham munosabatdagi yangi dinamikani ko‘rsatadi. Tahlillarga ko‘ra, 2016-yildan keyin ikki davlat o‘rtasidagi tovar aylanmasi bir necha barobar ortdi. Ayniqsa, keyingi yillarda bu raqam barqaror o‘sish xususiyatini oldi.
Eng muhimi, munosabatlar faqat iqtisodiy pragmatizm bilan cheklanib qolmadi. O‘zbekiston va Ozarbayjon rahbariyati munosabatlarni “qardoshlik”, “ittifoqchilik”, “turkiy birlik” kabi siyosiy-sivilizatsion tushunchalar bilan boyitdi. Bu esa hamkorlikka mafkuraviy va ma’naviy tayanch berdi. Ayniqsa, Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi yaqinlashuv ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy ishonchni sezilarli darajada kuchaytirdi.
2024-yil munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga chiqdi: ikki davlat o‘rtasida Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi. Mazkur hujjat aloqalar eng yuqori siyosiy darajaga chiqqanini anglatadi. Shu tariqa Toshkent va Boku munosabatlari strategik sheriklikdan uzoq muddatli geosiyosiy muvofiqlikka asoslangan ittifoqchilik modeliga ko‘tarildi.
Xullas, O‘zbekiston – Ozarbayjon munosabatlari bosqichma-bosqich geoiqtisodiy manfaat, transport xavfsizligi, turkiy integratsiya va mintaqaviy siyosiy yaqinlikka tayangan sheriklikka aylandi. Bu yaqinlashuv tasodifiy emas, balki yangi Yevrosiyo geosiyosiy muhitida shakllangan pragmatik va uzoq muddatli manfaatlar in’ikosidir.
Iqtisodiy diplomatiya, transport yo‘laklari
va energetik manfaatlar uyg‘unligi
Hozirgi munosabatlarning eng muhim xususiyatlaridan biri hamkorlik siyosiy bayonotlardan iqtisodiy pragmatizmga o‘ta boshlaganidir. Avvalgi yillarda asosiy urg‘u qardoshlik va madaniy yaqinlikka berilgan, keyingi bosqichda transport, logistika, sanoat kooperatsiyasi va investitsiya asosiy yo‘nalishlarga aylandi. Bu ikki davlat aloqalarini hissiy diplomatiyadan amaliy geoiqtisodiy sheriklik darajasiga olib chiqdi.
O‘zbekiston uchun Ozarbayjonning asosiy strategik ahamiyati Kaspiy mintaqasidagi tranzit imkoniyatida namoyon bo‘ladi. Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan O‘zbekiston tashqi savdo yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilishga kirishgan. Ayniqsa, Rossiya orqali o‘tuvchi an’anaviy transport tarmoqlariga geosiyosiy bosim kuchaygan sharoitda Toshkent yangi yo‘laklar izlashni tezlashtirdi. Ana shu nuqtada Boku Markaziy Osiyoni Yevropa va Qora dengiz bozorlari bilan bog‘lovchi muhim tugunga aylandi.
Boku – Tbilisi – Kars temir yo‘li, Alyat xalqaro dengiz porti va Trans-Kaspiy transport infratuzilmasi O‘zbekiston tashqi iqtisodiy strategiyasida tobora muhim o‘rin egallay boshladi. Xususan, mamlakat yuklarini Kaspiy orqali Ozarbayjonga, keyin Turkiya va Yevropa bozorlariga yetkazish rejasi so‘nggi yillarda ancha faollashdi. Bu jarayon faqat iqtisodiy emas, balki siyosiy mustaqillik nuqtai nazaridan ham muhim ahamiyatga ega. Zero, transport yo‘nalishlari ko‘payishi tashqi bosimga qaramlikni kamaytiradi.
2022-yildan keyin Rossiya – Ukraina urushi tufayli global logistika tizimi jiddiy o‘zgarishga uchradi. Jumladan, “O‘rta yo‘lak” loyihasi xalqaro siyosatning markaziy mavzularidan biriga aylandi. Xitoy va Markaziy Osiyodan Kaspiy dengizi orqali Ozarbayjon, Gruziya va Turkiyaga chiquvchi mazkur yo‘nalish bir vaqtning o‘zida ham iqtisodiy, ham geosiyosiy ahamiyat kasb etdi. O‘zbekiston aynan shu yo‘lakda faol ishtirokchi bo‘lishga intildi.
Boku esa bu jarayonda faqat tranzit hudud emas, balki mintaqaviy logistika arxitekturasining markaziy ishtirokchisi sifatida harakat qildi.
Ozarbayjon hukumati so‘nggi yillarda portlar, temir yo‘llar va bojxona infratuzilmasini modernizatsiya qilishga katta mablag‘ yo‘naltirdi. Bu esa O‘zbekiston uchun ham yangi iqtisodiy imkoniyatlar yaratmoqda.
Transport sohasidagi yaqinlashuv sanoat kooperatsiyasi bilan ham mustahkamlandi. Xususan, avtomobil sanoati ikki davlat munosabatlari yangi yo‘nalishiga aylandi. O‘zbekistonning “UzAuto Motors” kompaniyasi va Ozarbayjondagi hamkorlar ishtirokida Hojigabul sanoat zonasida avtomobil ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirildi. Bu oddiy yig‘uv korxonasi emas, balki texnologiya, kapital va bozorni birlashtirishga qaratilgan sanoat integratsiyasi namunasi sifatida baholandi.
Qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik va farmatsevtika sohalarida ham kooperatsiya loyihalari kengaydi. Muhim jihat shundaki, ikki davlat munosabatlarida “xaridor – sotuvchi” modeli emas, balki qo‘shma ishlab chiqarish mexanizmi shakllana boshladi. Bundayyondashuv munosabatlarni izchil va barqaror qiladigan omil hisoblanadi.
Investitsiya sohasida ham yangi bosqich kuzatildi. O‘zbekiston va Ozarbayjon qo‘shma investitsiya fondi tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Ushbu jamg‘arma orqali energetika, infratuzilma, qurilish va sanoat loyihalarini moliyalashtirish nazarda tutilgan. Ayni mexanizm ikki davlat munosabatlarini deklarativ siyosiy yaqinlikdan institutsional iqtisodiy sheriklikka olib o‘tadi.
Ma’lumki, energetika sohasi o‘zaro munosabatlarimizning muhim yo‘nalishi hisoblanadi. Bu borada ikki davlat manfaatlari bir-birini to‘ldiruvchi xususiyatga ega. Ozarbayjonning energetika infratuzilmasi va eksport tajribasi O‘zbekiston uchun muhim model sifatida ko‘riladi. Ya’ni, Kaspiy orqali energiya tashish yo‘laklari kelajakda Markaziy Osiyo resurslarini G‘arb bozorlariga chiqarishda muhim rol o‘ynashi mumkin.
So‘nggi yillarda “yashil energetika” sohasidagi hamkorlik faol muhokama qilinmoqda. Ozarbayjon Qora dengiz orqali Yevropa bozorlariga “yashil energiya” eksport qilish strategiyasini ilgari surgan. O‘zbekiston esa qayta tiklanuvchi energiya sohasida yirik islohotlarni boshlagan. Shu sababli kelajakda mazkur sohadagi hamkorlik yanada chuqurlashishi ehtimoli yuqori.
Yana bir muhim jihat – O‘zbekiston va Ozarbayjon tashqi iqtisodiy siyosatda bir-biri uchun muqobil emas, balki yaqin sherik davlatlarga aylanmoqda. Markaziy Osiyo va Kavkaz o‘rtasidagi iqtisodiy integratsiya aynan shu ikki davlat faolligi natijasida tezlashmoqda. Bu tendensiya Yevrosiyoda yangi iqtisodiy makon shakllanayotganini ko‘rsatadi.
Vaholanki, O‘zbekiston – Ozarbayjon munosabatlarining asosiy mazmuni siyosiy bayonotlarda emas, balki transport yo‘laklari, sanoat kooperatsiyasi, investitsiya mexanizmi va geoiqtisodiy manfaatlar uyg‘unligida namoyon. Davlatlarimiz hamkorligi endilikda yangi mintaqaviy iqtisodiy arxitektura qurilishining muhim zanjiri sifatida e’tirof etilmoqda.
Turkiy dunyo, xavfsizlik arxitekturasi va O‘zbekiston – Ozarbayjon ittifoqchiligining kelajak formulasi
O‘zbekiston – Ozarbayjon munosabatlarini faqat ikki tomonlama diplomatik aloqalar sifatida baholash yetarli emas. So‘nggi yillarda bu yaqinlashuv kengroq geosiyosiy jarayon – turkiy davlatlar integratsiyasi, Yevrosiyodagi kuchlar muvozanati o‘zgarishi va yangi mintaqaviy xavfsizlik manzarasi shakllanishi bilan uzviy bog‘landi. Shu nuqtai nazardan, Toshkent va Boku endi shunchaki hamkorlar emas, balki yangi siyosiy makon qurilishining muhim bo‘g‘inlaridir.
2019-yil O‘zbekistonning Turkiy davlatlar tashkilotiga qo‘shilishi munosabatlarda yangi bosqichni boshlab berdi. Bu qaror tashqi siyosatdagi ramziy qadam emas, balki Toshkentning o‘z geosiyosiy identifikatsiyasini qayta belgilay boshlaganini anglatdi. O‘zbekiston bir vaqtlar turkiy integratsiyaga ehtiyotkor yondashgan bo‘lsa, Prezident Shavkat Mirziyoyev davrida mazkur platformani tashqi siyosatning muhim vositasi sifatida qabul qildi.
Ayni jarayonda Prezident Ilhom Aliyev rahbarligidagi Ozarbayjon muhim rol o‘ynadi.Zero, Boku Turkiya bilan bir qatorda turkiy integratsiyaning eng faol siyosiy markazlaridan biri hisoblanadi. Ma’lumki, Boku turkiy davlatlar o‘rtasida transport, iqtisodiyot, ta’lim va xavfsizlik sohalarida chuqur kooperatsiyani ilgari surib kelmoqda. O‘zbekiston esa demografik, iqtisodiy va geografik salohiyati bilan tizimning markaziy ishtirokchisiga aylanishi mumkin. Shu bois ikki davlat manfaatlari bir nuqtada kesishdi.
Darvoqe, turkiy integratsiya masalasi faqat madaniy yaqinlik bilan cheklanmay, iqtisodiyot va xavfsizlik manfaatlari bilan to‘ldirilmoqda. Markaziy Osiyo va Kavkazni birlashtiruvchi transport yo‘laklari, energetika tarmoqlari va raqamli infratuzilmalar aynan turkiy davlatlar hamkorligi orqali shakllantirilmoqda. Natijada O‘zbekiston – Ozarbayjon munosabatlari institutsional jihatdan yanada mustahkamlanyapti.
Ayniqsa 2020-yil Qorabog‘ qaytarilishi bilan Ozarbayjon mintaqada yangi siyosiy vaznga ega bo‘ldi. O‘zbekiston esa Ozarbayjonning hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlash orqali Boku bilan siyosiy ishonchni yanada mustahkamladi.
Fuzuliy shahrida O‘zbekiston tomonidan qurilgan maktab ramziy jihatdan juda muhim loyiha. Toshkent shu tariqa Qorabog‘ni tiklashda ishtirok etishi, Ozarbayjon bilan uzoq muddatli strategik sheriklikka tayyorligini namoyon qildi. Boshqacha aytganda, faqat siyosiy bayonotlar bilan cheklanmasdan, jarayonda amaliy sa’y-harakati bilan shtirok etdi.
O‘zbekiston – Ozarbayjon munosabatlarida xavfsizlik omili ham kuchayib bormoqda. Bu harbiy ittifoqchilik darajasida emas, balki mintaqaviy barqarorlikni ta’minlash nuqtai nazaridan ahamiyat kasb etmoqda. Afg‘onistondagi vaziyat, transmilliy tahdidlar, kibernetika va logistika xavfsizligi masalalari ikki davlat manfaatlarini yaqinlashtirmoqda.
Xususan, transport yo‘laklari faollashgani sari xavfsizlikni ta’minlash masalasi ham dolzarblashmoqda. Kaspiy – Kavkaz – Markaziy Osiyo yo‘nalishi faqat iqtisodiy emas, balki strategik kommunikatsiya tarmog‘iga aylanyapti. Bu esa Toshkent va Boku o‘rtasida xavfsizlik sohasidagi muvofiqlashuv ehtiyojini kuchaytiradi.
Tashqi siyosatda o‘xshash yondashuvlarga ega davlatlarimiz yirik kuchlar bilan muvozanatli munosabat o‘rnatishga harakat qiladi. O‘zbekiston ham, Ozarbayjon ham hech bir geosiyosiy markazga qaram bo‘lishni istamaydi. Ayni jihat mamlakatlarimizni ko‘p vektorli diplomatiya tarafdori sifatida birlashtiradi. Bunday uslub ham o‘zaro munosabatlarni barqarorlashtiruvchi omildir.
2024-yil imzolangan Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma ana shu jarayonning mantiqiy natijasidir. Bu hujjat faqat diplomatik protokol emas, balki O‘zbekiston va Ozarbayjon munosabatlarining yangi siyosiy formulasi hisoblanadi. Endi munosabatlar “qardosh xalqlar” ritorikasi bilan emas, balki aniq geosiyosiy va geoiqtisodiy manfaatlar tizimi bilan mustahkamlanmoqda.
Kelgusi yillarda mazkur ittifoqchilikning muvaffaqiyati bir necha omilga bog‘liq bo‘ladi. Birinchidan, transport yo‘laklari real iqtisodiy samara berishi muhim. Ikkinchidan, sanoat kooperatsiyasi chuqurlashishi kerak. Uchinchidan, turkiy integratsiya madaniy platforma darajasida qolib ketmasdan, amaliy iqtisodiy mexanizmga aylanishi talab etiladi.
Asosiysi, O‘zbekiston va Ozarbayjon munosabatlari hozir mintaqada eng samarali va tez rivojlanayotgan hamkorlik modellaridan biri sifatida tan olinmoqda. Mazkur yaqinlashuv tasodifiy siyosiy kon’yunktura emas, balki Yevrosiyoda shakllanayotgan yangi geosiyosiy muhit, transport zanjiri va mintaqaviy integratsiya ehtiyojining tabiiy natijasidir.
Xotima
So‘zimiz yakunida yana bir bor g‘oyibona o‘tmishga qaytishni ixtiyor etdik. Ma’lumki, Ozarbayjon va O‘zbekiston xalqlari tarixi ikki elning barcha zamonlardagi buyuk mutafakkirlari ijodida aks etib, avlodlar osha umumiy meros sifatida o‘tib kelmoqda. Mumtoz adabiyotimiz tarixiga nazar tashlasak, Ozarbayjon adabiyotining buyuk siymolaridan biri shoir Nizomiy Ganjaviy ijodi o‘zbek adabiyotiga beqiyos ta’sir ko‘rsatganiga guvoh bo‘lamiz.
Nafaqat o‘zbek, balki butun turkiy xalqlar adabiyotining buyuk namoyandasi, mutafakkir shoir, olim, davlat va jamoat arbobi, ilm va adabiyot homiysi bo‘lmish Alisher Navoiy o‘zining shoh asari – “Xamsa” dostonini bitarkan, Nizomiy an’anasini davom ettirib, yagona tilimiz qudratini namoyish etdi. Keyinchalik Navoiy ham Ozarbayjon adabiyotida ustoz sifatida e’tirof etilgan. Ozar adabiyotining ko‘rkam vakillaridan biri Muhamad Fuzuliy Navoiyni ustoz deb, unga ergashib g‘azallariga naziralar bitdi. Shuning barobarida o‘zbek adabiyotining ko‘plab namoyandalari Fuzuliyni o‘ziga ustoz sifatida bildi. Umuman, Nizomiy va Navoiyning g‘oyibona muloqoti o‘laroq bir zanjir bog‘landiki, bu rishtaning mustahkam xalqalari Fuzuliy, Nasimiy, Voqif, Ogahiy, Muqimiy, Xorazmiy timsolida namoyon. Zero, “Toshkentnoma” bitgan Shayxzodani o‘zbek qay darajada qadrlasa, “Ozarbayjon” she’ri muallifi Abdulla Orifning satrlarini har bir ozar shundayin oson, tarjimonsiz tushunadi.
Ojiz fikrimizni hech bir kalom ulug‘ ozar shoiri Nizomiy Ganjaviyning asrlar qa’rini yorib, hamon aniq-tiniq yangrab turgan nidosidek anglatolmas:
Do‘stlar do‘st bo‘lsa-yu, bir tin ila nafas olsalar,
Yuz g‘am chekinib, alarga sira qaytib kelmaslar.
Asl birodarlik mudom zavol ko‘rmagay, inshoolloh!
Abdusaid Ko‘chimov,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist