1 ming 513 ta oilaga ko‘maklashildi
“Mahalla” xayriya jamoat fondining Andijon viloyati bo‘limi va uning tuman, shahar bo‘linmalari huzuridagi “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi tomonidan joriy yilning birinchi choragida 1 ming 513 ta ehtiyojmand, kam ta’minlangan oila vakillariga 3 milliard 414 million 813 ming so‘m miqdorida yordam ko‘rsatildi.
Mamlakatimizda ehtiyojmand, kam ta’minlangan oilalar, nogironlar va qiyin sharoitda yashayotgan aholi vakillariga ko‘maklashish, ularni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Mazkur yo‘nalishdagi ishlarni samarali tashkil etishda “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi faoliyati muhim ahamiyat kasb etmoqda.
– O‘zgalarga mehr-saxovat ko‘rsatish, muhtojlarga ko‘mak berish xalqimizning asrlar osha davom etib kelayotgan o‘lmas qadriyatlaridan biridir, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi Andijon viloyati bo‘limi raisi Baxtiyorjon Tursunov. – bugungi kunga kelib ana shu qadriyat yurtimizda davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Buni birgina Andijon viloyatida joriy yilning o‘tgan uch oyi davomida “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi tomonidan 1,5 ming nafardan ziyod fuqaroga yordam ko‘rsatilganligi misolida ko‘rish mumkin.

Andijon viloyatida “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi tomonidan ehtiyojmand va “Temir daftarga” kiritilgan 1 ming 129 ta oilaga, “Ayollar daftari” ga kiritilgan 89 nafar xotin-qizga 1 milliard 749 million 322 ming so‘m moddiy yordam berildi. Bundan tashqari, 280 ta ehtiyojmand va 23 nafar “Temir daftarga” ga kiritilgan oilaga, 23 nafar “Ayollar daftari” ga kiritilgan xotin-qizga 226 million 99 ming so‘m miqdordagi kundalik iste’mol tovarlari tarqatildi.
– Yong‘in tufayli uyim ancha zarar ko‘rgan edi, – deydi Andijon shahri, Mustaqillik mahallasi, A.Haydarov ko‘chasidagi 66-uyda yashovchi Vladimir Ushakov. – Hukumatimizga ming rahmat, qiyin sharoitga tushib qolgan bir paytda menga uyimni ta’mirlash uchun “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi orqali 15 million so‘m moddiy yordam ajratdi. Bundan behad mamnunman.

Ehtiyojmand, “Temir daftar” ga kiritilgan 367 ta oila va “Ayollar daftari” ga kiritilgan 197 nafar xotin-qizga 1 milliard 183 million 953 ming so‘mlik dori-darmon, tibbiy vositalar hamda salomatliklarini tiklash uchun moddiy yordam ko‘rsatildi. “Ayollar daftari” ga kiritilgan xotin-qizlar bandligini ta’minlash uchun 72 million 111 ming so‘m sarflangan bo‘lsa, “Temir daftar” ga kiritilgan hamda ehtiyojmand oilalar daromadini oshirish, bandligini ta’minlash uchun 61 million so‘mlik parranda tarqatildi.
– Mahalladagi “Ayollar daftari” ro‘yxatida turaman, – deydi Andijon shahri, Namuna mahallasining A.Fitrat torko‘chasi, 6-uyda yashovchi Nargizaxon Ro‘zaliyeva. – Oilamizga jamg‘arma tomonidan 10 dona tuxumga kirgan tovuq berildi. Bu albatta, oz bo‘lsa-da, oilamiz daromadini oshirishga yordam beradi. Yurtimizda aholining ehtiyojmand qatlamlariga ko‘rsatilayotgan bu kabi yordamlar, olib borilayotgan xayrli va ezgu ishlar odamlarning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga, hayotdan rozi bo‘lib yashashiga xizmat qilmoqda. Ayniqsa, bugungi muborak ramazon kunlarida “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi tomonidan bu kabi xayrli ishlar davom ettirilmoqda.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat),O‘zA