English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zoyir Mirzayev “Zamon qahramoni” loyihasini boshlash taklifini ilgari surdi
18:33 / 2022-10-04

Nurafshon shahrida Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev hududiy bosma nashrlar xodimlari, mahalliy hokimliklar, boshqarma, korxona va tashkilotlarning axborot xizmati rahbarlari bilan muloqot o‘tkazdi.

Dastlab viloyat yetakchisi Toshkent viloyatida axborot siyosati bilan bog‘liq muhitni keskin o‘zgartirish, qonunlar, davlat rahbarining qaror va farmonlari, hukumat hujjatlari ijrosini so‘zsiz ta’minlash maqsadida tizimda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan masalalarga alohida to‘xtaldi. Xususan, Toshkent viloyati, shahar va tumanlar hokimliklarining rasmiy veb-saytlarini amaldagi qonunchilikka muvofiq faoliyat yuritishini ta’minlash, ochiqlik siyosati bilan bog‘liq kunlik axborotlarga kengroq o‘rin berish lozimligi qayd etildi.

Shulardan kelib chiqib viloyat hokimligining Axborot kommunikatsiyalarni rivojlantirish markazi bundan buyon viloyat hokimining axborot siyosati bo‘yicha maslahatchisi – matbuot kotibi strukturasiga o‘tkazilgani ma’lum qilindi.

Prezidentimizning 2019 yil 27 iyundagi “Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini ta’minlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi muhokama qilindi. Uni bajarishda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan hudud rahbarlari va boshqarma boshliqlari ogohlantirilib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish vazifasi yuklandi.

Muloqotda ommaviy axborot vositalari va blogerlarning sahifalarida e’lon qilinayotgan tanqidiy materiallarga rasmiy munosabat bildirish, o‘zaro faol muloqot qilish mexanizmini qayta ko‘rib chiqish zarurligi aytildi.

Viloyat rahbari viloyat, tuman va shaharlar hokimliklari muassisligidagi gazetalarda mavjud vaziyatni tubdan yaxshilash, gazetalarni zamon talablariga mos tarzda faoliyat yuritishiga erishish, bu boradagi ijobiy tajribalarni ommalashtirish, gazetalarning internet tarmoqlaridagi sahifalarini rivojlantirish zarurati yuzasidan o‘z fikrlarini o‘rtaga tashladi.

Zoyir Mirzayev viloyat hokimligi axborot xizmati mas’ulligida “Zamon qahramoni” loyihasini boshlash taklifini ilgari surdi. Bu orqali davlat rahbari olib borayotgan islohotlarning Toshkent viloyatidagi ijrosini oddiy insonlar hayoti misolida yuksak badiiy shaklda yetkazib berish imkoniyati yuzaga keladi.

Uchrashuvda so‘z olgan muharrirlar va axborot xizmati rahbarlari hamkorlik masalalari yuzasidan o‘z mulohazalarini bayon qildi.

A.Musayev, O‘zA.