
Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida viloyat hokimi Zoyir Mirzayev davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifa va topshiriqlar ijrosini ta’minlash masalasini muhokama qildi.
Asosiy e’tibor murojaatlar bilan ishlash borasidagi kamchiliklarga qaratildi. Xususan, Oqqo‘rg‘on, Toshkent va Chinoz tumanlarida o‘tkazilgan sayyor qabullarda aholi vakillari tomonidan qilingan murojaatlarning ayrimlari muddatlari o‘tgan bo‘lishiga qaramay hanuz hal etilmagan. Bu masalaga bepisand va loqayd munosabatda bo‘layotgan rahbarlar faoliyati keskin tanqid qilindi.
Masalan, joriy yilning 17 avgust kuni Toshkent tumanida o‘tkazilgan sayyor qabulda fuqarolardan 138 ta murojaat orqali 169 ta masala qabul qilingan. Shu kungacha mazkur murojaatdagi 169 ta masalaning 157 tasi ko‘rib chiqilgan bo‘lib, ularning atigi 21 tasi ijobiy hal etilgan. Shu bilan birga, 14 sentyabr kuni Oqqo‘rg‘on tumanida o‘tkazilgan sayyor qabulda fuqarolardan 190 ta murojaat, 228 ta masala qabul qilingan. Hozirgi kunda 125 ta masala ko‘rib chiqish jarayonida.
Yig‘ilishda aholi murojaatlarini tizimli hal etish, joyiga chiqib o‘rganish yuzasidan mas’ullarga ko‘rsatmalar berildi.
A.Musayev, O‘zA.