English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zomin – hayrat, havas, ilhom maskani
14:00 / 2023-07-20

Jizzax viloyatida yosh ijodkorlarning Zomin respublika seminari o‘z ishini yakunladi.

Jizzax viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Abduvali Mustanov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari Botirjon Ergashev va boshqalar Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 1997 yilda asos solingan ushbu seminar milliy adabiyotimizda o‘ziga xos voqelikka aylanganini ta’kidladi.  

Adabiyot, she’riyat bayramiga aylangan mazkur seminarni yuqori saviyada tashkil etishda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Jizzax viloyati hokimligi, Navoiy kon metallurgiya kombinati singari tashkilotlarning hissasi katta bo‘ldi.  

Uch kun davomida adabiy muloqotlar, gurunglar, ustozlardan mahorat darslari, yangi kitob taqdimotlari, adabiy anjumanlar, mushoiralar, she’riyat oqshomlari bo‘lib o‘tdi.  

Seminar ishtirokchilari Zominning betakror tabiat maskanlariga sayohat qildilar. Billur sharsharalari, so‘lim bog‘lariga maftun bo‘ldilar. Ustoz shoir va yozuvchilar, jurnalistlar, mahoratli tarjimonlar, adabiyotshunos olimlar yosh qalamkashlarning mashqlarini atroflicha tahlil qildi.  

–Seminar samarali va qiziqarli o‘tdi, – dedi atoqli yozuvchi va dramaturg G‘afur Shermuhammad. – Yosh ijodkorlar ustozlarning oltinga teng nasihatlarini tingladilar. Bu o‘gitlar, nasihatlar ularning ijod yo‘llarida juda foydali bo‘ladi.  

–Zomin seminari o‘zining baynalmilal ruhi bilan ham ahamiyatli bo‘ldi, – dedi shoir va tarjimon, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Nikolay Ilin. – Unda o‘zbek tilida ijod qiluvchi yoshlar bilan birga qoraqalpoq, qozoq, tojik, rus tillarida ijod qiluvchi qalamkashlarning she’rlari ham yangradi. Bu esa davlatimizning millatlararo hamjihatlikni ta’minlash borasidagi e’tibori natijasidir.  

–Biz adabiyotdagi darg‘a ijodkorlarning asarlarinigina o‘qigan edik, – dedi seminar ishtirokchisi navoiylik Farhod Nizomov. – Zomin seminari sabab ustoz ijodkorlarning o‘zlarini ko‘rdik. Suhbatlaridan, saboqlaridan bahramand bo‘ldik. Ijodimiz xaqida eng kerakli tavsiyalarga ega bo‘ldik. Kamchiliklarimizni bilib oldik. Adabiyotimizda yangicha uslub, yangi mavzu, yangicha yondashuvlarga guvoh bo‘ldik. O‘zimiz kabi ijodkorlar bilan do‘stlashdik. Hayratlarga to‘lib-toshgan taassurotimizni ota-onalarimiz, yaqinlarimiz, do‘stlarimizga so‘zlab beramiz.  

–O‘zbekistonimizning imkoniyati va salohiyati Zomin seminarida ham yaqqol ko‘zga tashlanadi, – dedi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Yozuvchilar uyushmasi raisi Kenesbay Karimov. – Bu seminar yoshlarning, umuman xalqimizning adabiyotga, kitobga bo‘lgan mehri tobora ortib borayotganini ko‘rsatdi.  

–O‘zbekiston adabiyot, ma’rifat rivojida yetakchilik qilmoqda, – dedi qozog‘istonlik yosh shoir Eldor Tatiyev. – Shu seminarda yoshlarga bilim va saboq bergan ustozlardan bir umr minnatdorman. Oftob serquyosh O‘zbekistonga mangu hamroh bo‘lsin!  

Darhaqiqat, so‘lim "O‘riklisoy" dam olish maskanida hordiq chiqarayotgan hamyurtlarimiz uchun ham she’riyat so‘z san’ati bayramiga aylanib ketdi. Yoshlarning dadil qadami, hur fikri, katta adabiyotga e’tiqodi diqqatga sazovordir.  

Zomin yosh qalamkashlar qalbida osmoni yulduzlarga to‘lib toshgan, tog‘lari archazordan to‘n kiygan, salqin shabbodasi qo‘shiq aytgan, she’ru qo‘shiqlar baralla yangragan betakror go‘sha sifatida bir umrga muhrlandi. Bu seminar yangi mashqlarga, ko‘plab ijod namunalariga ilhom berishi aniq.  

Seminar yakunida yosh qalamkashlar taqdirlandi.  

Nazokat Usmonova, Ahmad To‘ra,

Jamshid Yorbekov (surat), O‘zA