
Korrupsiyaga qarshi kurash choralari qancha kuchaytirilmasin, firibgarlik bilan bog‘liq jinoyatlar shuncha ko‘payayotgandek nazarimda.
Kimningdir nimadir yumushini bajarib berishni va’da qilish orqali evaziga pora olish holatlari shu kunlarda keskin oshgandek. O‘sha va’da qilingan ish bitsaku, yopiqlik qozon yopiqligicha qoladi. Aks holda “yozuv-chizuv”, “zapislar” ishga tushadi. Aslida qaysidir ma’noda korrupsiyaning tomir otib ketishiga o‘zimiz ham aybdormiz. Bir ishimiz qonuniy bitmadimi, ikkinchi tomonini axtarishga tushamiz...
Kuni kecha Qashqadaryo viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining videokonferensaloqa rejimida o‘tkazilgan ochiq sud majlisida sudlanuvchi Sh.B oid sud hukmi ustidan uning o‘zi va jabrlanuvchilari bergan shikoyatlari ko‘rib chiqildi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Nishon tuman sudining 2022 yil 24 iyundagi hukmiga asosan 1993 yil 21 avgust kuni Qashqadaryo viloyatining Qarshi tumanida tug‘ilgan Sh.B firibgarlik, ya’ni aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulkini qo‘lga kiritish maqsadida 2021-2022 yillar davomida bir necha fuqarolarning ishonchiga kirib, jami 151,610,000 so‘m pullarini o‘z ehtiyoji uchun ishlatib yuborganlikda aybdor deb topilib, unga O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan JKning 57-moddasi qo‘llanilib, 3 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Ish viloyat sudining apellyatsiya instansiyasida ko‘rilib, ish bo‘yicha zararning asosiy qismi qoplanganligini, jabrlanuvchilarning aksariyati da’vosi yo‘qligini, aybiga iqror va pushaymonligini va ishdagi boshqa holatlarni sodir etilgan jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasini jiddiy kamaytiruvchi holatlar deb topib, Sh.Bo‘riyevga O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan ish haqining 20 foizi miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil 6 oy axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.
JKning 62-moddasiga asosan qamoqda o‘tirgan kunlari chegirilib, o‘tash uchun 7 oy 21 kun axloq tuzatish ishlari jazosi qoldirildi. Sudlanuvchi Sh.Bga tanlangan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi bekor qilinib, darhol sud zalida qamoqdan ozod etildi.
To‘g‘rida, xalqimizda bir naql bor, kambag‘alni urma-so‘kma ko‘ylagini yirt. Shu bois firibgarlikka yo‘l qo‘ygan jinoyatchilarni qamagandan ko‘ra, ularga “otni kallasidek” jarima tayinlash eng ma’qul yo‘l. Shunda ikkinchi marta bunday jinoyatga qo‘l urmaydi.
O‘lmas Barotov, O‘zA.