English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zamonamiz muammolari yechimini ko‘rsatgan zot
11:20 / 2023-02-09

9 fevral – Alisher Navoiy tavallud topgan kun

Navoiy barcha zamonlar va makonlar mutafakkiri sifatida o‘zining o‘lmas merosi va g‘oyalari bilan bashar tafakkurida o‘chmas iz qoldirgan. Uning asarlaridan XXI asr tugunlari yechimiga ham javob topish mumkin. Alisher Navoiyning har bir misrasi, bayti, bandi mingyilliklar qa’ridan otilib chiqqan hikmatlar va donishmandliklar bilan yo‘g‘rilgan.  

Alisher Navoiy tafakkuridan oqib chiqqan g‘oyalar o‘z zamonida qanchalik xizmat qilgan bo‘lsa, bugun ham zamondoshlarimiz, ayniqsa, yoshlar uchun shunchalik ahamiyatli. Ayniqsa, allomaning elsevarlik, bag‘rikenglik, mehr-oqibat, ogohlik, xalqlar do‘stligi, bilimni egallash singari g‘oyalari singdirilgan baytlari zarracha ham o‘z ahamiyati va ta’sir kuchini yo‘qotgan emas.  

Tasavvur qiling, “Naf’ing agar xalqqa beshakdurur. Bilki, bu naf’ o‘zungga ko‘prakdurur”; “Ilmni kim vositayi joh etar, O‘ziniyu xalqni gumroh etar”; “O‘z vujudingga tafakkur aylagil, Har ne istarsen, o‘zungdin istagil”; “Xaloyiqqa ko‘rma qilib benavo, O‘zingga ravo ko‘rmaganni ravo”; “Odami ersang demagil odami, Onikim yo‘q xalq g‘amidin g‘ami” singari minglab mangu baytlari katta o‘lchamdagi bannerlar, tabrik bitig (otkritka)lar, pochta markalari, esdalik sovg‘a (suvenir)larga aks ettirilsa, bu bilan o‘g‘il-qizlarimiz ongu shuurida hazrat Navoiy g‘oyalarini singdirishimiz oson kechadi.  

Yoki kundalik ko‘p ishlatiladigan ashyolar – ruchka, yon daftar, finjon, futbolka, yelpig‘ich, bosh kiyimlarga ham Navoiy bitiglaridan o‘rnaklar yozilgan bo‘lsa, bu ham jamiyatni o‘z ildizlariga bog‘lashning yaxshi bir vositasi emasmi?!  

Yana bir taklif, bugungi raqamli avlod uchun sevimli urfga aylangan chog‘lantiruvchi suratli matn (demotivator)larda  Navoiyning o‘lmas baytlari o‘rin olsa hamda yoshlar virtual olamda muloqot qilganda, matnli xabarlarni yo‘llaganda yoki ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari o‘z sahifasida ijtimoiy mavqei (status)ni ko‘rsatganda ana shu suratli matn (demotivator)lardan foydalansa, Navoiy g‘oyalarini yoshlarga bir qadam yaqinlashtirgan bo‘lmaymizmi?  

Umuman, hazrat Navoiyga o‘rta asrlarda yashagan mutafakkir sifatida qarash g‘oyasidan voz kechib, uni bugunning mutafakkiri, zamonamiz muammolari yechimini ko‘rsatgan zot o‘laroq qabul qilishimiz, jamiyat va yoshlar o‘zlarini qiynayotgan so‘roqlarga Navoiyda tugal javob borligini bilishlari hamda bu javobni bobokalonimizning asarlaridan izlashlariga inontirmog‘imiz kerak.    

Qudratulla OMONOV,  

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti birinchi prorektori, 

filologiya fanlari doktori, professor  

O‘zA