English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yurtimiz ozodaligi va ko‘rkamligiga barchamiz mas’ulmiz
16:47 / 2022-11-11

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida o‘tkazilayotgan “Dolzarb 40 kunlik” tadbirida fermer va dehqonlar, tomorqa yer egalari faol ishtirok etmoqda.

– Ushbu ishlarni yanada jadallashtirish maqsadida Rayosatning fermer va dehqonlar hamda tomorqa yer egalariga murojaati qabul qilindi, – deydi  Qoraqalpog‘iston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari  kengashi raisi Q. Nurimbetov. – Chunki ko‘chat ekib, bog‘ yaratish – xalqimizning azaliy qadriyatlaridan biri. Zero, o‘zimiz yashab turgan joyni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish tufayli ko‘nglimiz shodlikka to‘ladi, hayotimiz fayzli va farovon bo‘ladi.  

Ayni chog‘da bog‘lar, ko‘chalar hamda yo‘l chetlarida yashnab turgan daraxtlar tevarak-atrofga ko‘rk ulashishi barobarida havo musaffoligini ta’minlab, dasturxonimizni mevalar bilan to‘ldiradi. Daraxtlarga mehr berish, ularni parvarishlash eng ezgu va xayrli amal sanaladi. Ko‘chat ekib, bog‘ yaratish, atrof-muhitni toza va ozoda saqlash xalqimizning asrlar sinovidan o‘tgan milliy qadriyatidir. Zero, ajdodlarimiz oilada yangi tug‘ilgan farzandga atab yerga nihol qadagan. O‘sha daraxt bilan birga farzand ham ulg‘aygan.  

Demak, xalqimizning ibratli o‘tmishi o‘zimiz yashayotgan muhitda tabiatga oqilona munosabatda bo‘lib, uni asrab-avaylash, kelgusi avlodlar ham yaxshi yashashi uchun qulay makon barpo etishga undaydi.  Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 11 oktyabr kuni mahallalarni obod qilish va aholini o‘ylantirayotgan masalalarni hal etish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish borasida bergan ko‘rsatmalari ana shunday ezgulik yo‘lidagi juda ham muhim tashabbusdir.  Mazkur yig‘ilishda joriy yil kuz oyida 75 million dona, kelgusi  yil bahor oyida 125 million dona  daraxt ekish vazifasi belgilab berildi. Shuningdek, ushbu yig‘ilishda “Yashil makon” umummilliy loyihasi bir yillik tadbir emasligi, kelgusi besh yilda 1 milliard tup daraxt ko‘chatini ekish maqsad qilingani ta’kidlandi.  

Qayd etish zarur, loyihani amalga oshirilishida har bir hududning iqlimiga mos, kam suv talab qiladigan ko‘chatlarni tanlab, ularni yetishtirish uchun ko‘chatxonalar ko‘paytirilishi ayni muddaodir. Qoraqalpog‘iston Respublikasi shahar va tumanlarida joriy yilning bahor oylarida mahallalarda, fermer va dehqonlarimiz dalalari chetlariga va aholi tomorqalarida 4 million 462 mingdan ziyod ko‘chat ekildi. Albatta, bu savobli ishlarda ko‘plab tashkilotlar, mahallalar, umuman, keng jamoatchilik qatori mehnatkash dehqon va fermerlarning ham munosib ulushi bor.  

Shuningdek, yuqoridagi tadbirlarni davom ettirish maqsadida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida joriy yil kuz  mavsumida jami 5,3 million dona tut, tok va boshqa turdagi mevali va manzarali daraxt ko‘chatini ekish belgilab olindi. Buning uchun mamlakatimizdagi ko‘chat yetishtiruvchi bir yarim mingta fermer, dehqon xo‘jaliklarida va tomorqa yer egalarida yetarlicha miqdorda tut, tok, tol va boshqa daraxt nihollari ekish uchun parvarishlanmoqda.  

Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi 424 ta  mahalla va ovul fuqarolar yig‘inida 342,3 mingdan ziyod dehqon va tomorqa yer egalari faoliyat yuritmoqda. Agar har bir tomorqachi o‘z tomorqasiga, mahalla guzariga va ko‘cha boshiga 10 tupdan ko‘chat eksa, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha 3,4 million donadan ortiq ko‘chat ekiladi. Ko‘chat yetkazib berish va narx-navoning barqarorligini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari  kengashi huzuridagi Quva tumani tomorqa yer uchastkalarini rivojlantirish ilmiy-amaliy markazida yetishtirilgan tok, tut va boshqa mevali daraxt ko‘chatlarini fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalariga tizimli yetkazib berish bo‘yicha har bir tuman markazlarida ko‘chat sotish yarmarkalari tashkil etilmoqda.  

Joriy yildan boshlab paxta va g‘alladan bo‘shagan maydonlardan  dehqon xo‘jaliklari uchun yer ajratilib, ulardan daromad olish boshlandi. Bunda  davlatimiz rahbarining joriy yil 10 sentyabrdagi “Dehqon xo‘jaliklari tashkil etishni qo‘llab-quvvatlash orqali aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori oziq-ovqat xavfsizligini va ichki bozorlarda narxlar barqarorligini ta’minlash hamda agrar sohada aholining tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash orqali ularning daromadlarini oshirishga xizmat qiladi. Bu esa har bir qarich yerdan unumli foydalangan holda “Bir hudud – bir mahsulot” tamoyili asosida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni kengaytirish hamda eksport salohiyatini oshirish imkonini beradi.  

 Dovud ABIBULLAEV, O‘zA muxbiri