Respublika Transport vazirligi huzuridagi Transport nazorati inspeksiyasi tashabbusi bilan Namanganda tashkil etilgan matbuot anjumani va press-turda, ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda blogerlarga yo‘lovchilarga transport xizmati ko‘rsatish sifatini oshirish hamda avtomobil transportida yuk va yo‘lovchi tashish faoliyati belgilangan tartib va qoidalarga rioya etilgan holda amalga oshirish yuzasidan atroflicha ma’lumotlar berildi.
Ta’kidlab o‘tilganidek, joriy yilning o‘tgan davrida Inspeksiya qoshidagi Avtomobil va suv transport nazorat Namangan viloyati hududiy bo‘limi inspektorlari tomonidan viloyat IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi mas’ul xodimlari bilan hamkorlikda 847 marotaba reyd tadbiri tashkil etilgan. Bularda yo‘lovchi va yuk tashish faoliyati bilan noqonuniy holda shug‘ullanayotgan uch mingdan ortiq transport vositasi aniqlanib, haydovchilariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi kodeksining tegishli moddalariga asosan, 2 ming 840 dan ortiq bayonnoma rasmiylashtirildi.
Aniqlangan ma’muriy huquqbuzarliklar yuzasidan tuzilgan haydovchilarga nisbatan qonuniy chora ko‘rish uchun tegishli sudlarga yuborildi. Bundan tashqari hozirga qadar 63 nafar haydovchiga nisbatan “Kabotaj tashuvlari bo‘yicha” ma’muriy bayonnomalar tuzilgan.
– Nazorat va reyd tadbirlarimiz davomida aniqlangan huquqbuzarliklar yuzasidan tuzilgan ma’muriy bayonnomalar ijrosi doirasida haydovchilarga nisbatan qonunda belgilangan tartibda chora ko‘rish maqsadida sudlarga 2 ming 940 ta ma’muriy material yuborildi, – deydi Avtomobil va suv transport nazorat Namangan viloyati hududiy bo‘limi boshlig‘i Bahodir Abduraimov. – Shulardan 1 ming 468 nafariga nisbatan tegishli chora ko‘rildi. Reydlar natijasida, 1021 ta holatda 30 kunlik muddatda litsenziya olib faoliyati qonuniy hujjatlashtirildi.
Yuk va yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi 23 ta korxona Avtomobil va suv transport nazorat Namangan viloyati hududiy bo‘limi tomonidan tekshirilib, shundan ikkita sub’ektga taqdimnoma berilgan, bittasiga nisbatan esa huquqiy ta’sir chora qo‘llash uchun sudga yuborilgan.
Jurnalistlar va ijtimoiy tarmoq faollari press-tur davomida, Avtomobil va suv transport nazorat viloyat hududiy bo‘limi inspektorlari tomonidan tashishlar faoliyati bilan qonunga zid ravishda shug‘ullanayotgan haydovchilarga qarshi olib borilayotgan reyd va profilaktik tadbirlar jarayonlariga guvoh bo‘ldi.
Shuningdek, og‘ir vaznli yuklarni avtomobil transportida tashishda belgilangan me’yorlarga amal qilinishini nazorat qilish maqsadida Davlatobod tumani Gulobod mahallasi hududida o‘rnatilgan ko‘chma tarozilar faoliyati, uning ishlash tartibi, qoidabuzarlarga belgilangan jazo turlari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.