English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo muloqoti yangi bosqichda
15:14 / 2022-11-26

Bugun jahonda yuz berayotgan murakkab geosiyosiy jarayon va oldindan bashorat qilib bo‘lmaydigan ziddiyat, global siyosiy va iqtisodiy beqarorlik, turfa zamonaviy tahdid mintaqa va davlatlar o‘rtasidagi hamjihatlikni mustahkamlash, o‘zaro manfaatli sheriklikni yanada kengaytirishni kun tartibiga olib chiqmoqda.

Bunday sharoitda Markaziy Osiyo davlatlarining mintaqani xavfsiz, barqaror hamkorlik xududiga aylantirish yo‘lidagi amaliy say’-harakati tobora jadallashib borayotganini kuzatish mumkin. Ayniqsa, O‘zbekistonning bu boradagi faoloigi va tashabusskorligi mintaqada yangi siyosiy reallikni yuzaga chiqardi. Bu jarayonning muhim tarkibiy qismi o‘laroq, mintaqa davlatlarining Yevropa Ittifoqi bilan yangi munosabatlari shakllanmoqda.

O‘tgan hafta Samarqandda bo‘lib o‘tgan YeI va MO tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishi hamda “Barqaror rivojlanish uchun global darvoza” mavzusidagi birinchi xalqaro konferensiya muhim ahamiyat kasb etdi.

Mazkur xalqaro tadbirlar natijasi hamda YeI va MO hamkorligi istiqboli haqida suhbatlashish uchun Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti professori Sayfiddin Jo‘rayevga murojaat qildik.

 - Avvalo, ta’kidlash kerak, Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyoga nisbatan yangi strategiyani amalga oshirishga kirishdi. Tomonlarning o‘zaro munosabati evolyutsiyasi haqida gapiradigan bo‘lsak, mintaqamiz davlatlari mustaqillikka erishgan dastlabki yillardan e’tiboran, ushbu mintaqaviy tashkilot bilan aloqa o‘rnatilgan. To‘g‘risini aytish kerak, o‘tgan davrda jarayon bir tekis kechmadi. Dunyoda kechayotgan voqeliklar YeI tomonidan yangi strategiya qabul qilinishiga olib keldi, deb o‘ylayman.

Markaziy Osiyodagi transformatsion jarayon, mintaqa davlatlari rahbarlari o‘rtasida o‘zaro ishonchli aloqa o‘rnatilgani barcha sohada mintaqaviy hamkorlik mustahakamlanib borishi, qolaversa, bu jarayonda O‘zbekistonning faol tashabbuskorligi, pragmatik va tolerant siyosati YeI nazaridan qochmagan. Shu tariqa ikki mintaqa o‘zaro munosabatida yangi davr boshlandi. Zamonaviy muloqot o‘zaro manfaatli, kelishilgan qarorlar qabul qilishga imkon yaratdi.

YeI va MO sherikligi puxta poydevorga ega. 1999 yil Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston bilan sheriklik to‘g‘risidagi bitim imzolangan.

2010 yildan Tojikiston bilan shunday aloqa yo‘lga qo‘yildi. Turkmaniston bilan esa 2010 yildan savdo masalasi bo‘yicha shartnoma tuzilgan, 2019 yil iyul oyida bu mamlakatda faoliyat yuritib kelgan jamoatchilik bilan aloqalar byurosi YeI to‘liq delegatsiyasiga aylandi.

2007 yil “Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo: yangi sheriklik strategiyasi” konseptual hujjati qabul qilindi. Bu strategiya ikki mintaqa mamlakatlari aloqasini sezilarli darajada mustahkamlashga xizmat qildi. Ushbu hujjatda ikki tomonlama inson huquqi va qonun ustuvorligi, demokratiya va davlat boshqaruvi ta’limi, iqtisodiy taraqqiyot, savdo va investitsiya, energetika va transport, atrof muhit muhofazasi, umumiy tahdid va madaniyatlararo muloqot bo‘yicha hamkorlik nazarda tutilgan edi.

2013 yil mazkur rejaning amal qilish muddati tugagach, 2019 yilda yangi strategiya qabul qilindi va MO xavfsizligi masalasida Afg‘onistondagi vaziyat e’tiborga olinadigan bo‘ldi.

“Yevropa qo‘shniligi” va “Sharq sherikligi” dasturlari ishtirokchilariga ko‘ra, strategiya bir qator afzalliklarga ega. Tashkilot doirasida qabul qilingan qoidalarni muvofiqlashtirish bo‘yicha kengaytirilgan sheriklik va hamkorlikka oid bitimga alohida urg‘u  berilgan. Shuningdek, umumiy qadriyatlar, demokratiya va inson huquqi, barqaror rivojlanish masalalariga ham e’tibor qaratilgan.

Yangi mazmun bilan boyitilgan Strategiya qabul qilingach, jahon siyosati o‘zgardi, YeIda yangi tendensiyalar vujudga keldi: Yevropa - Rossiya tangligi va buning ta’siri natijasida YeIga ishonch o‘zgarishi yuz berdi. Bu jarayonda noaniqlik kuchaymoqda.

Bundan tashqari global moliyaviy, iqtisodiy inqiroz oqibati, Buyuk Britaniyaning YeI tarkibidan chiqishi, shuningdek, Bolqon mamlakatlari - Albaniya, Bosniya Gersegovina, Makedoniya, Serbiya va Chernogoriya hisobiga kengayish rejasi tashkilot obro‘siga, moliyaviy resursiga ta’sir etdi.

MOda ham geosiyosiy voqelik vujudga keldi. Hindiston mintaqa bilan hamkorlikni sezilarli oshirgani, Rossiyaning turli integratsiya jarayoniga ta’siri, Turkiya va Eron omili faollashishi, shuningdek, 2014 yil mayda Yevroosiyo iqtisodiy hamkorlik tashkiloti tashkil topishi shular jumlasidan. 

- Odatda har bir tomon o‘zaro munosabatni o‘z manfaatidan kelib chiqib rivojlantiradi. Shu ma’noda YeI hozir o‘ziga xos qiyinchiliklarni boshidan kechirmoqda, deyish mumkin. Sayfiddin aka, shunday sharoitda tuzilmaning MO bilan hamkorligi istiqboli qanday bo‘lishi mumkin.

- Avvalo, keyingi 30 yil davomida jahon siyosatida Markaziy Osiyoning o‘rni va ahamiyati yaqqol ijobiy tomonga o‘zgargan. Qolaversa, bizning mintaqa Yevropa va Osiyoni bog‘lovchi chiziqda joylashgan. Yevropa davlatlariga energiya yetkazib berishda mintaqa ulushi yuqori, bu yerda 70 milliondan ko‘p aholi yashaydi. Demak, Yevropaning mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashga ko‘maklashishdan manfaatdorligi juda yuqori.

YeI MO davlatlari, ayniqsa, O‘zbekistonning mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha Afg‘oniston bilan hamkorlikni mustahkamlashga oid tashabbuslarini mudom e’tirof etadi. Tashkilot bu mamlakatda tinchlikni ta’minlash tarafdori. Bundan tashqari mintaqamizdagi ayrim davlatlarning hududiy va global masalalarni hal etishdagi faol ishtiroki umumiy maqsad yo‘lida YeI bilan hamkorlik imkoniyati kengayishiga xizmat qilmoqda.

- Yuqoridagi omillar YeI va MOning geosiyosiy va geostrategik  jihatdan ahamiyati oshganini ko‘rsatmoqda. Inson huquqini ta’minlash, ommaviy axborot vositalari erkin rivojlanishi kabi demokratik qadriyatlarda qarama-qarshilik yo‘q, yondashuvlardagi ayrim farqlar yo‘qolib bormoqda. Bu borada “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” formatidagi vazirlar uchrashuvi hamda “Barqaror rivojlanish uchun global darvoza” mavzusidagi o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha xalqaro konferensiyasida aloqalarni yanada jadallashtirish va amaliy mazmun bilan boyitish muhimligi e’tirof etildi. Shunday emasmi?

- Mintaqa davlatlarining siyosiy tizimni o‘zgartirishga ustuvor yondashuvi barqarorlikni ta’minlash va rivojlantirishda amaldagi xukumatlar bilan ishlash bo‘yicha yangi imkoniyat yaratdi. Shuningdek, mintaqaning Shanxay hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti, Yevroosiyo iqtisodiy hamkorlik tashkiloti va Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti kabi boshqa xalqaro tuzilmalar, shuningdek, turli alohida davlatlar siyosiy loyihalariga qarshilik ko‘rsatmaslik, Xitoyning “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi bo‘yicha uyg‘unlashish kuzatilmoqda.

Birinchidan YeI respublikada olib borilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlash, rivojlanish strategiyasini izchil amalga oshirishda yordam berishga tayyorligini ta’kidladi. Shu bilan birga O‘zbekistonning zamonaviy tashqi siyosatiga yuksak baho berildi.

Afg‘onistondagi gumanitar inqirozning, davlat yakkalanib qolishining oldini olish zarurligi to‘g‘risida O‘zbekistonning fikri to‘la quvvatlandi. Mazkur siyosat natijasi o‘laroq, so‘nggi yillarda Markaziy Osiyoda o‘zaro anglashuv va ishonchga asoslangan yangi siyosiy muhit yaratilgani e’tirof etildi.

Ikinchidan YeI bundan buyon ham mintaqa davlatlari bilan siyosat, savdo, investitsiya, raqamlashtirish, iqlim o‘zgarishi va atrof-muhit, fan va ta’lim sohalaridagi hamkorlikni kengaytirishga tayyor. MOdagi mintaqaviy hamkorlikka, qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish hamda O‘zbekiston Respublikasi va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni yaqin kelajakda imzolashga kelishib olindi.

- Давлат rahbari anjuman qatnashchilariga murojaatida qator tashabbuslarni ilgari surdi. Takliflar konferensiya ishtirokchilari tomonidan ma’qullandi. Eng muhimi, ko‘p tomonlama hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi. Bu borada yakuniy fikrlaringizni eshitmoqchi edik.

- Ўзбекистон tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslar g‘oyalarni amalga oshirish masalasi YeI va MO davlatlari bilan bunday shaklda muhokama etilayotgani ikki mintaqa munosabatida yangi davr kelganini ko‘rsatadi. Mintaqalar vakillari o‘z manfaatini himoya qilib, umumiy qarashlarni aniqlash va hamohang ishlash bo‘yicha dadil qadam tashlashdi.

Xulosa qilib aytganda, YeI va MO davlatlari vakillarining xalqaro tadbirlardagi hamkorligi, dolzarb masalalar keng va batafsil ochiq muhokama qilinishi va natijadorligi XXI asr jahon siyosatining yangi bosqichida yangi tendensiyalarni shakllantiruvchi strategiya ishlab chiqilishiga olib keladi.

Amaliy jihatdan YeI va MO davlatlari o‘rtasidagi hamkorlik istiqbolini kengaytirish va o‘zaro manfaatli tizimli tahlil olib borish imkonini beradi.

Shuningdek, keng ko‘lamli, strategik ahamiyatga ega ayni xalqaro  anjuman O‘zbekiston tashqi siyosatidagi tub o‘zgarishlar, ilmiy-tahliliy omillar eng muhim va ustuvor jihatlar ekanidan dalolat. O‘zbekiston xalqaro ahamiyatga ega tashabbuslarini har tomonlama asoslab, jahon hamjamiyati oldiga qo‘ya bildi, mavjud muammolarni tizimli tahlil etishga kirishdi, dolzarb masalalar muhokamasini zamonaviy talab asosida tashkil  qila oldi.

Qolaversa, dunyo siyosatining yangi davrdagi “yangi modeli” namoyon bo‘layotgani, o‘z navbatida, O‘zbekiston bunday xalqaro siyosatning sub’ekti sifatida e’tirof etilayotgani ravshan.

 - Sayfiddin Ahmatovich, batafsil tahlil uchun minnatdorlik bildiraman, salomat bo‘ling!

Suhbatdosh Abror G‘ulomov, O‘zA